Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar hayotida ijtimoiy adolat tamoyili qaror topmoqda
19:11 / 2026-02-26

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti butun jamiyatimiz uchun muhim voqea bo‘ldi. Ushbu uchrashuv “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturiy tamoyillari hisoblangan ijtimoiy adolat, yoshlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va har bir fuqaro uchun teng imkoniyatlar yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlarni to‘laqonli aks ettirdi.

Parlament vakillari sifatida biz munosib mehnat sharoitlarini yaratish va uni adolatli rag‘batlantirishning prinsipial ahamiyatini izchil himoya qilishga intilamiz. Shu bois ham Shavkat Mirziyoyevning yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun avval yo‘naltirilgan 400 million dollarga qo‘shimcha ravishda yana 200 million dollar ajratish tashabbusini alohida mamnuniyat bilan qabul qildik. Zero, bu minglab yoshlarga o‘zini kam daromadli yollanma ishchi kuchi sifatida emas, balki iqtisodiy hayotning mustaqil sub’ekti sifatida namoyon etish imkonini beradigan bandlikning real mexanizmini yaratish jarayonlarini kuchaytirishni anglatadi. 

“Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish, ayniqsa, biznes boshlayotganlarga garovsiz kreditlar berish tashabbusi yosh saylovchilarimiz biz bilan uchrashuvlar chog‘ida zarurligini ta’kidlayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatning amaliy namunasi bo‘ldi.

Shu nuqtai nazardan, biz uchun prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan bir jihatga e’tibor qaratishni lozim deb hisoblayman. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston mehnat bozoriga har yili 600 ming nafar yosh kirib kelmoqda, 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkich bir millionga yetadi. Albatta, tadbirkorlik bandlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi, lekin u ob’ektiv sabablarga ko‘ra yoshlarning barcha qatlamlarini qamrab ololmaydi. Muloqotda ma’lum qilinganidek, yoshlarning uchdan biri tadbirkor bo‘lishni istaydi. Demak, davlat siyosati iqtisodiyotning real sektorida munosib ish o‘rinlarini yaratish, yosh mutaxassislarga adolatli haq to‘lanishini ta’minlash va ularning mehnat huquqlarini himoya qilishga ham e’tibor qaratishi lozim. O‘z navbatida, ushbu yo‘nalishda deputatlik faoliyatini ham kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizning olis hududlaridagi o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Bunday markazlar o‘qituvchilari uchun soliq yuki kamaytirilgani, kommunal xarajatlar qoplanayotgani va foizsiz ssudalar berilayotgani davlatimiz sifatli ta’lim olishdagi hududiy tengsizlikni bartaraf etishga intilayotganini ko‘rsatadi. Chunki inson qayerda tug‘ilgani uning kelajagini belgilamasligi kerak. Bugun biz ushbu tamoyil amalda o‘z ifodasini topayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga qaratilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi gumanistik, sotsial-demokratik qadriyatlarga mos keladigan tashabbusdir.  Zero, har bir inson hayotini tiklash uchun yana bir imkoniyat olishga haqqi bor. Davlat esa buning uchun real sharoitlar yaratib bermoqda.

Umuman olganda, Prezidentning yoshlar bilan muloqoti O‘zbekistonda ta’lim, kasb-hunarga o‘qitish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik, tadbirkorlik va boshqa sohalardagi yoshlar muammolarini hal etishga tizimli yondashilayotganidan dalolat beradi. Qonunchilik palatasi deputatlari belgilangan chora-tadbirlar har bir yigit-qizga amalda yetib borishi ustidan nazoratni ta’minlab, ilgari surilgan tashabbuslarning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga bundan buyon ham faol ko‘maklashishga tayyor. Bu ishlar yoshlarning qayerda yashashi, ijtimoiy kelib chiqishi va oilasining moddiy ahvolidan qat’i nazar amalga oshiriladi. Ana shundagina adolat shunchaki shiordan har bir yigit-qiz hayotidagi amaliy tamoyilga aylanadi.

N.Rashidova,

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA