Harbiy prokuratura tashabbusi bilan “Vatan tayanchi” harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolari bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – kelajak bunyodkorlari” mavzusida vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.
“Harbiy prokuratura bilan bir kun” shiori ostida o‘tgan tadbir O‘zbek tili bayrami arafasida tashkil etilgani bilan alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Erta tongdan yuzga yaqin o‘quvchi ota-onalar va o‘qituvchi-murabbiylar hamrohligida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasida tantanali kutib olindi.
Dastlab ochiq muloqot o‘tkazilib, Bosh prokuror o‘rinbosari –Harbiy prokuror O.Xolboyev yoshlar bilan bevosita muloqot qildi.

Yoshlar Harbiy prokuratura muzeyi, axborot-resurs markazi va ma’naviyat burchagi bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, jadid prokurorlar hamda Yangi O‘zbekiston prokuratura organlarining bugungi qiyofasi, mavjud sharoitlar va imkoniyatlar haqidagi ma’lumotlar ularning prokuratura haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Ishtirokchilar Mirzo Ulug‘bek tumani mudofaa ishlari bo‘limida chaqiriluvchilar bilan raqamli ishlash va tibbiy ko‘rik, shuningdek, tumanning 148-sonli maktabidagi “Jasorat sinfi” misolida joriy o‘quv yilidan yurtimizda tashkil etilgan “Jasorat sinflari”, ulardagi ta’lim jarayoni va sharoitlar bilan tanishtirildi.
Yoshlarning Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida o‘tkazgan vaqtlari esa kursantlar hayoti bilan uyg‘unlashib ketdi. Samimiy suhbatlar bayramona dasturxon atrofida ham davom etdi.
Zamonaviy sharoitlar, o‘quv va amaliy mashg‘ulot xonalari, kutubxona, muzey va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ularning harbiylikka bo‘lgan ishtiyoqini yanada mustahkamladi.
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida yoshlar Harbiy prokuratura, Harbiy sud, Qurolli Kuchlar vazirlik va idoralari rahbariyati bilan birgalikda “Millat fidoyilari” xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.
“Prokuror va yoshlar” uchrashuvida ta’lim, harbiy oliygohlarga kirishdagi imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Faol yoshlardan bir guruhiga imtiyozli vaucherlar topshirildi. Barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alar, badiiy kitoblar hamda harbiy ta’lim muassasalari haqidagi va boshqa foydali ma’lumotlar elektron manbalari jamlangan bukletlar tarqatildi.
N.Abduraimova, O‘zA