Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar har sohada yetakchi
15:53 / 2024-10-09

Prezident topshirig‘i amalda

Prezidentimiz raisligida o‘tgan yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng yoshlar bilan ishlash tizimi yangi bosqichga chiqdi. Barcha viloyatlarda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda  

Jumladan, Vobkent tumani viloyatda yoshlarning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda faollar qatorida bormoqda. Tumandagi 44 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida Yoshlar yetakchisi lavozimi joriy qilingan bo‘lsa, o‘tgan davr mobaynida 2 nafar yoshlar yetakchilari rahbar kadrlar zaxirasiga kiritildi, ish faoliyati samaradorligi yuqori baholangan 3 nafar yetakchi turli yuqori lavozimlarga tayinlandi.  

Tumanning Bozorjo‘yi mahallasida yashovchi Axtambek Farmonov o‘qishni tamomlab, Rossiya davlatiga ishlash uchun ketgan edi. U yerda ishi yurishmadi. Yurtiga qaytgach, mahalla yoshlar yetakchisiga murojaat qilib subsidiya asosida motokultivator olib berishini so‘radi. Bugungi kunda u motokultivator ortidan daromad topmoqda.  

– Murojaatim ijobiy hal bo‘ldi va menga motokultivator berishdi. Bugunga kelib ishlarim yurishib ketdi. Qishloqdoshlarimning tomorqasida ishlab shunga yarasha haq olmoqdaman. O‘z Vataningda mehnat qilganga yetmas ekan, – deydi Axtambek Farmonov.  

Jamshid Kamolov Vobkent tumanining iste’dodli yoshlaridan. Uning loyihasi asosida Amerikada bir nechta loyihalar ishga tushdi. Avvaliga, Jamshid uy sharoitida ishladi. So‘ngra Vobkent tumani Yoshlar ishlari bo‘limiga murojaat qildi. Shundan so‘ng, unga tumandagi Yoshlar markazi binosidan maxsus xona ajratib berildi. Bugungi kunda Jamshid Kamolov to‘laqonli ishlab, yuqori daromad topmoqda.  

– 4 yildan buyon mustaqil frilancyer uslubida arxitektor-dizayner sifatida ishlamoqdaman, – deydi Jamshid. – Yoshlar ishlari agentligiga murojaat qildim. Murojaatim o‘rganildi. Menga xona, sharoitlar yaratib berildi. Evaziga shu sohani yoshlarga o‘rgatishni aytishdi. Ayni kunda ko‘plab yoshlar bu sohani o‘rganishmoqda.    

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ishsiz yoshlarga yer maydonlari ajratib berilmoqda. Vobkent tumani “Beshravot” qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Zarina Muzaffarova o‘z mahallasidagi yoshlarga o‘rnak. U yoshlar yetakchisi ko‘magi bilan 30 yilga ajratilgan yerdan unumli foydalanib, yuqori daromad olmoqda.  

– Oilam bilan maslahatlashib 30 sotix yer oldik va barcha maydonga loviya urug‘ini qadadik. Rejamiz bo‘yicha 20 million so‘mgacha daromad olsa bo‘ladi, – deydi Zarina Muzaffarova.  

G‘ijduvon tumanidagi 75 ta mahallada 322 519 nafar aholi istiqomat qilsa, shundan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 177 ming nafarga yaqin. Mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan yoshlar muammolari va qiziqishlarini o‘rganish va “Yoshlar balansi”ni shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan “xonadonbay” xatlov natijasida 783 nafar yigit-qiz qizil toifaga kiritilgan edi. Ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida o‘tgan davr mobaynida ularning ham hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun imkon yaratildi. Masalan, Abduxoliq G‘ijduvoniy mahallasida yashovchi Muzaffar Ikromov ham avtomobil o‘rindiqlari uchun g‘iloflar tikishga qiziqardi. Shu sohani mukammal o‘zlashtirish ortidan, mahalla ko‘magi bilan o‘z daromad manbaiga ega bo‘ldi.  

– Bolalikdan nogironman, – deydi Shahlo Nasullayeva. – Maktabni bitirgandan so‘ng, uyda tikuvchilik qilishni boshladim. Qo‘l mashinam sifatli tikmagani uchun yoshlar yetakchisiga murojaat qildim. Murojaatim yerda qolmadi. Menga zamonaviy tikuv mashinasi berishdi. Hozirda, shogirdlarimga tikish sirlarini o‘rgatmoqdaman.  

[gallery-19663]

Viloyatda “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida xorijiy tillarni onlayn o‘rganayotgan yoshlar soni 450 mingdan oshdi. Bu borada G‘ijduvon tumani ham yetakchilar qatorida bormoqda. Mazkur loyiha minglab yoshlarning hayotda o‘z o‘rinini topishi uchun imkon yaratdi. Bu birinchidan xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishga zamin bo‘lsa, ikkinchidan kerakli til va fan sertifikatlariga ega chiqayotgan o‘quvchilar maktab davridanoq ta’limning keyingi bosqichi uchun o‘zlariga poydevor hozirlamoqda.  

Har bir jabhada faol bo‘lgan, yangi tashabbus va loyihalarni ilgari surib yuqori natijalarga erishayotgan buxorolik yoshlar yangi marralar sari odimlamoqda.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari.