Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar giyohvandlikka qarshi
10:59 / 2026-02-06

Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida hamkor tashkilotlar bilan yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashishga qaratilgan “Yoshlar giyohvandlikka qarshi forum-2026” targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Targ‘ibot tadbirida barkamol avlod vakillarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni turli zararli illatlardan asrash hamda sog‘lom hayot tarziga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Forumda ishtirok etgan Milliy gvardiya, Toshkent shahar hokimligi, Milliy media birlashmasi, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirli, Yoshlar ishlari agentligi, Yunusobod tumani hokimligi va hamkor tashkilotlarning mutasaddilari giyohvandlikning salbiy oqibatlari, uning yoshlar hayoti va kelajagiga yetkazadigan zarari haqida atroflicha ma’lumotlar berib o‘tdi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 27 yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida alohida vazifalar belgilab berilgandi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham ayni masalalarning dolzarbligini aholi o‘rtasida, yoshlar orasida keng yoyishga qaratildi. Bundan tashqari, zararli odatlar farovon va osoyishta hayotimiz, kelajagimiz dushmani ekanligi aniq misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi. O‘ylaymanki, ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir yoshlarning tafakkurini yanada kengaytirish bilan birga, yot g‘oyalarga qarshi kurashishda yetarlicha bilim va tushunchaga ega bo‘lishiga xizmat qildi, – deydi Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S.Mamayusupov.

Tadbirda statistik ma’lumotlar va profilaktik tavsiyalar taqdim etildi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yot g‘oyalar, turli zararli illatlardan himoya qilish, kelajakka bo‘lgan mas’uliyatni oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA