Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida davlatimiz rahbarining 2025 yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”dagi farmoni ijrosi doirasida talaba-yoshlar bilan keng qamrovli tarbiyaviy uchrashuv tashkil etildi.
“Biz yoshlar — giyohvandlik va OITSga qarshimiz!” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Salomatlik va strategik rivojlanish instituti Nukus shahar bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurash markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya xizmati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali shifokorlari, Nukus shahar Ichki ishlar boshqarmasi vakili ishtirok etib, talaba-yoshlarga giyohvandlik, OITS va sog‘lom turmush tarzi haqida keng tushunchalar berishdi.
Mazkur farmonda ta’lim muassasalarida, o‘quvchi va talabalar orasida psixofaol moddalarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda giyohvandlik illatiga murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni kompleks ravishda amalga oshirish belgilangan. Shuningdek farmon bilan giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar Milliy dasturi tasdiqlandi.
Mutaxassislar yoshlarni noto‘g‘ri odatlardan ogohlantirib, ularni salomatlikni asrash va jamiyatda mas’uliyat bilan ishtirok etishga chaqirdilar. Shu bilan birga, Prezident farmonida belgilangan vazifalar va davlat siyosatining yoshlarni himoya qilishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yoshlarning ongli qaror qabul qilishida, sog‘lom turmush tarzini tanlash va jamiyatda ijobiy faoliyat yuritishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri