Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini diqqat bilan tinglab, maqsadi oliy va rejalari mustahkam xalqning kelajagi albatta porloq bo‘ladi, degim keldi.
Zero, birinchidan, yangi tariximizda har yil yakunida, albatta, Prezidentimizning parlament va xalqimizga yo‘llanadigan Murojaatnomasini intiqib kutish, unga juda katta kelajak umidini bog‘lash amaliyoti odat tusiga kirib bormoqda. Ikkinchidan, har qanday jadal va izchil rivojlanib borayotgan davlatning faol fuqarolari singari, unda bosib o‘tgan yo‘limiz tahlili va yangi yilda taraqqiyotimiz uchun belgilanayotgan ustuvor vazifalarni davlat rahbaridan bevosita eshitish, birgalikda mohiyatini talqin etish ham demokratik qadriyatlarga xos xususiyat. Uchinchidan, hech shubhasiz bunday yuksak darajadagi tadbir o‘z salohiyatiga ko‘ra, har qanday og‘ir sharoitda bo‘lmasin mehnatkash, bag‘ri keng O‘zbekiston xalqini ahil bo‘lib, oliy maqsadimiz sari birgalikda intilish yo‘lida jipslashtiradi, yakdilligini oshiradi.
Ammo, ochiq tan olib aytish kerakki, bu yilgi Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llanayotgan Murojaatnoma, o‘tgan yillardan farqli ravishda, murakkab bir davrga to‘g‘ri kelganini barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz. Hozirgi davrda butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan kechirmoqda. Bu barchamiz uchun o‘ziga xos qiyinchiliklar tug‘dirib, davlatlar va xalqlar uchun katta sinov bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti alohida ta’kidlaganidek, “xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz”. Albatta buning negizida oqilona va uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan siyosat hamda qisqa muddatlarda pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazilgani bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shu jumladan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlarga byudjetdan 16 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, davlat korxonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti hamda qariyb 8 million fuqaroga jami 66 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.
2020 yil qanchalik qiyin kelmasin, joriy yilda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” Davlat dasturiga muvofiq, yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha barcha sohalarda islohotlar qat’iy davom ettirildi. Masalan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa nufuzli xalqaro reyting agentliklari tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qola oldi.
Iqtisodiyotimiz o‘sishi, jumladan, sanoat, energetika, savdo sohasida o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shu yilning o‘zida respublikamizda 197 ta yirik, minglab kichik va o‘rta korxonalar hamda infratuzilma ob’ektlari barpo etildi. Muhimi, 2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Avvalo, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni boshladik. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi.
Shu bilan birga, hali oldimizda juda muhim masalalar turibdi. Xususan, davom etayotgan pandemiya va u bilan bog‘liq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi. Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘liqda, deb bilgin”, degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda, dedi yurtboshimiz.
Shu maqsadda pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrashva mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarurligi ta’kidlandi. Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish – eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishini e’tiborga olib, islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz degan fikrlari, barchamizni to‘qinlantirib yubordi.
Prezidentimizning Murojaatnomasida “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oyaga tayanishimiz, buning uchun yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yamiz, ular jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish, bu borada yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazamiz, degan konseptual ahamiyatga ega ustuvorliklar O‘zbekistonni jadal rivojlanishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
Ayniqsa, bola tug‘ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilishi to‘g‘risidagi vazifalar vaqti kelib O‘zbekiston yangi tashrif qog‘oziga, yangilanish sifatiga aylanishiga ishonaman. Binobarin, dunyo tajribasidan ma’lumki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o‘n, yuz barobar ko‘p foyda keltirishi isbotlangan.
Prezidentimiz yuqoridagi o‘z fikrlarini muxtasar qilgan holda ana shu muhim yo‘nalishlardagi ishlarimizni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida, kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif etdilar. Bu hol Yangi O‘zbekistonni bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etish – 2021 yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishni talab etadi.
Shu bois davlatimiz rahbari butun ta’lim tizimini sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilish uchun asos bo‘ladigan chuqur mohiyatli takliflarni ilgari surdilar. Maktabgacha ta’lim, o‘rta ta’lim, oliy ta’lim, shu bilan birga, iqtidorli yoshlarning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash, maktab davridan boshlab shakllantirib borish maqsadida “kasbga o‘rgatish tizimi” joriy etilishi shubhasiz kelgusi yilning “o‘ziga xos brendi” bo‘ladi.
Yana bir muhim masala bu – 2021 yil uchun salomatlikni mustahkamlash yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratdilar. Buning uchun avvalo, kelgusi yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish, sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lami yanada kengaytirish hamda ushbu tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha aniq choralarni aytib o‘tdilar.
Ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor – jamiyatga, kelajakka e’tibor. Masalan, shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatilishi, o‘z navbatida, ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlikni 25 foizga kamaytirilishiga erishiladi.
Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish aholi salomatligini ta’minlashda muhim omildir. Kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bog‘cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlashga 100 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021 yilda qamrov hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkaziladi.
Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbarining parlament va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi intiqib kutgan ishonchimizni yuksaltirdi. Qolaversa, jadal va izchil rivojlanish yo‘limizni yanada aniqlashtirib, birgalikda harakat qilishga, bu borada har birimiz ushbu Murojaatnomani qayta-qayta o‘rganib unda belgilangan maqsadlarga erishishda o‘z hissamizni qo‘shish mas’uliyatini yuklaydi.
Bularning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan xalqchil siyosatning yorqin ifodasidir.
Oybek TURG‘UNOV,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Harbiy-texnik instituti kafedra boshlig‘i, yuridik fanlari doktori.
O‘zA