Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar fikri – parlament kuchi
19:47 / 2026-02-07

Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida 6–9 fevral kunlari “Parlament oromgohi” o‘quv oromgohi loyihasi tashkil etilmoqda.

Mazkur loyiha yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kuchaytirish, ularning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.

O‘quv oromgohining ilk kunida Yoshlar parlamentining II yalpi yig‘ilishi hamda loyihaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida Yoshlar parlamenti a’zolarining kelgusi olti oylik faoliyat rejalari atroflicha muhokama qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar va mas’uliyatlar belgilandi.

Tadbirda Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova so‘zga chiqib, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qonun ijodkorligi va jamoatchilik nazoratiga keng jalb etish masalalariga to‘xtaldi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan “Aksilkorrupsiya volontyorlik faoliyati”da Yoshlar parlamentining o‘rni va vazifalari alohida ta’kidlandi.

“Parlament oromgohi” doirasida ishtirokchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlari, muhokamalar hamda amaliy treninglar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Seminar ikkinchi kuni rejasiga ko‘ra, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova ham qatnashib, ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qildi. 

Unda Yoshlar parlamenti faoliyati va amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi. 

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar markazida xalqimiz manfaati, ayniqsa, yoshlarga bo‘lgan e’tibor turibdi. Yoshlarning bilim olishi, tashabbus ko‘rsatishi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun huquqiy, tashkiliy va institutsional sharoitlar yaratildi. Bugun yoshlar — faqat islohotlarning ob’ekti emas, balki uning faol sub’ektiga aylanmoqda. Shu ma’noda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu institut yoshlarning qonun ijodkorligida, davlat boshqaruvida, jamoatchilik nazoratidagi ishtiroki uchun muhim maydondir. Shu bilan birga, Yoshlar parlamenti doimiy rivojlanib borishi, zamon talablariga moslashib, o‘z ta’sirchanligini oshirib borishi zarur.

Qayd etilganidek, “tengdosh – tengdoshga” tamoyili aynan shu yo‘nalishda eng samarali usul hisoblanadi. Yoshlar tomonidan yoshlarga yetkazilgan axborot ishonchli, ta’sirchan va qabul qilinishi oson bo‘ladi. Shu bois, Yoshlar parlamenti a’zolari qonunlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishda faol axborot elchisi sifatida harakat qilishi kerak.

Shu bilan birga, qabul qilinayotgan qonunlar yuzasidan yoshlar fikrini o‘rganish, ularning taklif va mulohazalarini to‘plash ham muhim ahamiyatga ega. Bu orqali qonunlarning amaldagi ta’siri baholanadi hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslar shakllanadi.

[gallery-27540]

Uchrashuvda Yoshlar parlamenti faoliyatida mahalliy Kengashlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanishi aytildi. Sababi yoshlar hayotiga daxldor masalalarning aksariyati aynan hududlarda, mahalliy darajada shakllanadi va hal etiladi. Shu bois, Yoshlar parlamenti a’zolari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, ularning komissiyalari, deputatlari va doimiy organlari bilan yaqin aloqada ish olib borishi zarur. Bu hamkorlik yoshlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni mahalliy darajada muhokama qilish va yechimlar ishlab chiqish imkonini beradi. 

— Bugungi muloqot men uchun katta tajriba maydoni bo‘ldi. Zarur tavsiya va kelgusidagi e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab oldim. Hududlarimizdagi yoshlarning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish borasidagi g‘oya va tashabbuslarimni ham aytganimda ijobiy qabul qilinganidan xursandman, — deydi Yoshlar parlamenti a’zosi Kamoljon Xursanov. 

Muloqot davomida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini aytib o‘tdi. 

A. Musayev, A. Alijonov, O‘zA