Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar fikri eshitildi, tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi
16:37 / 2025-08-09

Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev o‘zi mas’ul bo‘lgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilgan mazkur uchrashuv samimiy va erkin muhitda o‘tib, yoshlarning tashabbus va takliflarini o‘rganish, shuningdek, ularni o‘ylantirayotgan muammolarga amaliy yechim topishga yo‘naltirildi.

Sayyor muloqotda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, ta’lim olish va tadbirkorlikka intilishlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Har bir murojaat diqqat bilan eshitilib, mutasaddi tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Ayrim muammolar shu yerning o‘zida hal qilindi.

Jumladan, tumanning Soyibobod mahallasidan Temir Po‘latov yoshlar o‘rtasida kibersportni rivojlantirish maqsadida kompyuter o‘yinlari zali ochish tashabbusini bildirdi. Loyihani amalga oshirish uchun unga AT “Aloqabank” orqali 100 million so‘m imtiyozli kredit ajratish taklifi berildi.

Shu mahallada yashovchi, yuridik kollej bitiruvchisi Sabrina Muhammadova esa mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishda yordam so‘radi. Uning murojaati mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazoratga olinib, yechim topish uchun zarur choralar belgilandi.

Olimjon Jo‘rayev har bir yoshning orzu-umidi va tashabbusi e’tibordan chetda qolmasligi lozimligini ta’kidlar ekan, yoshlarga ishonchli muhit yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mahalliy rahbarlarning ustuvor vazifasi ekanini qayd etdi.

Muloqot faqat muammolarni eshitish bilan cheklanmadi — u yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Kimdir o‘z orzusini aytdi, kimdir esa unga yetish yo‘lini topdi.  

Eng muhimi — yoshlar eshitildi, ularda “bu sening masalang, sening rejang, sening kelajaging” degan ishonch uyg‘otildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri