Surxondaryo viloyati Termiz shahrida 15-17 iyun kunlari «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tadi.
Yoshlari ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlar hamda blogerlarga shu haqda atroflicha ma’lumot berildi.
–Yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu festivalni yuksak saviyada o‘tkazishga alohida hozirlik ko‘rilmoqda, – deydi Yoshlari ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i J.Choriyev. – Unga vohada istiqomat qilayotgan 150 mingdan ortiq yigit-qizni qamrab olish mo‘ljallanayotir. O‘tgan oydan festival shukuhi sezilgan tadbirda quyi qaatlamdagi ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish kabi xayrli vazifalar asosiy maqsad qilib olingan. Festival ishtirokchilari 15 ga yaqin loyihada qatnashib, o‘z bilim, salohiyat va iste’dodini keng namoyish etishi mumkin.

Surxondaryo viloyatida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 611 mingdan ziyod yigit-qiz istiqomat qiladi. Ularning 57 mingga yaqini “Yoshlar daftari”ga kiritilib, hozirgacha 23 ming 700 nafari daftardan chiqarilgan. Mehnat bozoriga ta’lim muassasalarini va maktablarni tugatgan 46 ming yosh kirib kelmoqda. Ularning bandlik masalasini hal etish uchun yoshlar mehnat yarmarkasi tashkil etishga ham puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
– Mazkur tadbir avval ham o‘tkazilgan,– dedi matbuot anjumanida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi U.Choriyev.– Lekin, ilgari “Yoshlar daftari” yuritilmagan. Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan tashkil etilgan bu yilgi festivalda ana shu daftarga kiritilgan yoshlarga alohida e’tibor qaratiladi. Tadbir ishtirokchilari asosan “Yoshlar daftar”da turgan yigit-qizlar bo‘ladi. Ular beshta muhim tashabbus bo‘yicha turli tanlov va bellashuvlar, sektorlar rahbarlari, eng yaxshi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va boshqa motivatsion tadbirlarda ishtirok etadi. Qiziqarli gala-konsertlarni miriqib tomosha qiladi.

Matbuot anjumanida festivalga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari tinglandi. Jurnalist hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA