Erta tongdan Qashqadaryo yoshlari ham Shahrisabz shahriga jam bo‘lib, “Bir vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan “Yangi nafas” yugurish musobaqasini bayramona kayfiyatda boshlashdi.
Harbiy orkestr jo‘rligidagi mardonavor kuy-qo‘shiqlar sadosi ostida qariyb 4,5 ming nafar havaskor va sportchi yoshlar shahardagi Ko‘kgumbaz masjidi oldidan Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab Oqsaroy xiyobonida qad rostlagan Sohibqiron haykali poyidagi finish chizig‘igacha bo‘lgan 3 kelometrlik masofani bosib o‘tdi.
– Sport bilan shug‘ullanish inson uchun doim foydali bo‘lgan, – deydi musobaqa g‘olibi, Shahrisabz tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Jahongir Fayzullayev. – Yoshlarga maslahatim doim sport bilan shug‘ullanishsin. bugungi musobaqa judayam taassurotlarga boy bo‘ldi. Sport bilan doimiy shug‘ullanganim musobaqada qo‘l keldi. Start chizig‘ida hamma ishtirokchilar yugurishni yaxshi boshlashdi. Umuman yoshlarning bu kabi ommaviy musobaqalarga qiziqishi baland. bugungi yugurish musobaqasida qatnashgan ishtirokchilarning ko‘pligi ham buni isbotlab turibdi. Shu bois bunday musobaqalarning tez-tez o‘tkazib turilishi yoshlarni birdamlikka, sport bilan muntazam mashg‘ul bo‘lishga chorlaydi.
Ishtirokchilar orasida yigitlar qatorida sportchi qizlar ham faol ishtirok etdi.
– Sport musobaqalari qanday natijani qo‘lga kiritishimdan qat’iy nazar kayfiyatim ko‘tariladi, – deydi musobaqaning qizlar o‘rtasidagi g‘olibi QarDU talabasi Dilso‘z Omonova. – Boisi kuchli motivatsiya olaman. Ayniqsa, bugungi kabi ommaviy tarzda o‘tkazilsa. Maqsadlarim yanada qat’iylashadi. Hozirda universitetda jismoniy tarbiya fakultetida tahsil olayapman. Bu kabi musobaqalar kelajakda katta-katta marralarni qo‘lga kiritib, vatanim bayrog‘ini yanada yuksaklarga ko‘tarishimga xizmat qiladi.
Haqiqiy yoshlar festivaliga aylangan musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
[gallery-7736]
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.