Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar festivali yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi
14:21 / 2025-09-12

Jizzax shahridagi “Yoshlar ijod ko‘chasi” bir kunga yoshlar imkoniyati, iqtidori va intilishlarining guvohiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirig‘iga muvofiq, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning san’at, sport, kitobxonlik, axborot texnologiyalari va kasb-hunar sohalaridagi qobiliyatini yuzaga chiqarish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” – yoshlar festivali yuqori saviyada tashkil etildi.

Jizzax viloyati hokimi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi asosida tashkil etilgan mazkur festivalda 22 yo‘nalishdagi turli loyihalar, tanlov va bellashuvlar o‘tkazildi. Tadbirda 15 mingga yaqin o‘quvchi va talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi.

Festival doirasidagi madaniyat yo‘nalishida “Yoshlar ovozi”, “Mohir fortepianochi”, “Karaoke”, “Talant shou”, “Yoshlar orkestri” kabi ijodiy tanlovlar tomoshabinlarni befarq qoldirmadi. Shaxmat, kurash, armrestling, kamondan o‘q otish kabi sport turlaridagi musobaqalar esa ishtirokchilarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Kitobxonlik bo‘yicha “Zakovat” intellektual o‘yini, kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Axborot texnologiyalari bo‘yicha esa IT va startap loyihalar taqdimoti ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

[gallery-25272]

Kasb-hunar yo‘nalishida esa Prezidentimizning 2025 yil 14 fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda shu sanadagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, shuningdek, 2025 yil 18 fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar namoyish etildi. Yosh tadbirkorlarning mahsulotlar ko‘rgazmasi, bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, “Yosh oshpazlar” bellashuvi, mahalliy hunarmandlar ishtirokidagi loyihalar keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Festivalda Yoshlar ishlari agentligining “Mutolaa”, “Ibrat”, “Ustoz_AI”, “Uzchess” kabi loyihalarining taqdimotlari ham yuqori darajada tashkil etildi. Bu loyihalarga qo‘shilayotgan yoshlar soni ortib borayotgani, ularning mazmun jihatdan boy va amaliy ahamiyatga ega ekani yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Tadbir davomida “Top-100” ro‘yxatiga kirgan 3 nafar yosh yetakchining ota-onalari tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, “Mutolaa” loyihasida faol qatnashgan 50 nafar yosh yetakchiga 1 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.

Festival yakunlanar ekan, sahnaga poytaxtimizdan taklif etilgan iqtidorli estrada xonandalari — Ulug‘bek Yo‘lchiyev va Vohidjon Isoqovlar chiqishib, yoshlar kayfiyatini yanada ko‘tarishga muvaffaq bo‘lishdi. 

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA