Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida yoshlarning bilim va iqtidorini namoyon etish, sport va madaniy hayotdagi faolligini oshirishga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Yoshlar festivali o‘tkazildi.
Erta tongda “Salomatlik uchun 5000 qadam” aksiyasi bilan start olgan festivalda talaba-yoshlar qatorida shahar aholisi ham faol ishtirok etdi. Do‘stlik kanali bo‘ylab amalga oshirilgan ushbu tadbirda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yurtdoshlarni salomatlikka e’tiborli bo‘lishga chorlash asosiy maqsad qilib qo‘yildi.

Festival doirasida Sirdaryo viloyat Yoshlar markazida talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Unda Guliston davlat universiteti, Guliston pedagogika instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali va boshqa ta’lim muassasalari yoshlari o‘zaro bellashdilar. Natijada Guliston davlat universiteti jamoasi g‘oliblikka erishdi.

Guliston istirohat bog‘ida sportning stol tennisi, shashka, armrestling va kamondan o‘q otish turlari bo‘yicha musobaqalar qizg‘in tarzda kechdi. “Besh tashabbus xiyoboni”da esa shaxmat bo‘yicha “Mahalla yettiligi kubogi” tashkil etildi. Yoshlar nafaqat o‘zining jismoniy tayyorgarligi va mahoratini namoyon etdi, balki o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikka ham munosib hissa qo‘shishdi.

Festival jarayonida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etildi. Jumladan, “Yosh rassomlar ko‘rgazmasi”, bitiruvchi talabalar va ishsiz yoshlar uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” katta qiziqish uyg‘otdi. Viloyatdagi kuch tuzilmalari harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasini namoyish etishdi. Shuningdek, “Mutolaa”, “UstozAI”, “Ibrat farzandlari”, “Uzchess” kabi loyihalar doirasidagi turli mashg‘ulotlar yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qildi.

Kechga yaqin esa yosh va iste’dodli san’atkorlar ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari, Sport va Madaniyat boshqarmalari, ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etib, mazkur festival yoshlar iqtidorini namoyon etish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
– Yoshlar festivali — bu nafaqat sport va madaniy tadbirlar maydoni, balki yoshlarimiz o‘z g‘oya va tashabbuslarini amalda ko‘rsatishi uchun katta imkoniyatdir. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, do‘stlik va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlaydi, – dedi Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Mirqodir Sa’dullayev.

Festivalda faol qatnashgan Guliston pedagogika institutining 4-bosqich talabasi Shohjahon Hamdamov esa o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi: – Bugungi festival biz yoshlar uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. Sport musobaqalarida o‘zimizni sinab ko‘rdik, madaniy tadbirlarda ijodkorligimizni namoyon etdik. Eng muhimi, bu yerda biz bilim, iqtidor va do‘stlik orqali bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni o‘rgandik.
Festival yakunida “Zakovat” o‘yini va sport musobaqalari g‘oliblari hamda faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan maxsus sertifikat, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri