Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar faxriy polkovnikning hayot maktabidan saboq olishdi
11:04 / 2025-06-17

"Yoshlar oyligi" doirasida Sirdaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi tashabbusi bilan yosh xodimlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni o‘z kasblarigaga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, soha faxriylarining boy hayotiy tajribasidan o‘rnak olishlarini ta’minlash maqsadida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Ushbu tadbir doirasida tuman IIB da faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar hamda IIV Sirdaryo akademik litseyining o‘quvchi yoshlari ichki ishlar tizimida uzoq yillar sadoqat bilan xizmat qilgan, polkovnik unvoniga sazovor bo‘lgan faxriy  – Ergash Abduqodirovning yashash xonadonidagi shaxsiy uy muzeyiga tashrif buyurishdi.

Faxriy polkovnik Ergash Abduqodirov yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida o‘zining hayot yo‘li, kasbdagi ilk qadamlari, xizmat davomidagi murakkab va mas’uliyatli vazifalar, o‘zi ishtirok etgan muhim operatsiyalar, sohaga sadoqat va Vatanga xizmat qilish shon-shuhrati haqida yurakdan so‘zlab berdi. U yoshlarga murojaat qilib, shunday dedi:

– Ichki ishlar tizimida xizmat qilish –  bu faqat ish joyi emas, balki katta mas’uliyat, fidoyilik va odamlar hayoti uchun javobgarlikni anglatadi. Men har bir xizmat kunlarimda adolat, halollik va yurtga sadoqat tamoyillariga amal qildim. Siz yoshlardan ham ana shu qadriyatlarga sadoqat va o‘z ustingizda muntazam ishlashni kutyapman.

Tashrif chog‘ida Ergash Abduqodirov o‘z xonadonida tashkil etilgan shaxsiy muzey haqida ham fikr bildirdi. Muzeyda uning xizmat faoliyatiga oid 40 yildan ortiq tarixni qamrab olgan hujjatlar, orden va medallar, fotosuratlar, faxriy yorliqlar, shaxsiy kundaliklar va ilk xizmat liboslari o‘rin olgan.

– Bu uy muzeyini tashkil qilishdan asosiy maqsadim – men ko‘rgan, kechirgan, o‘rgangan saboqlarimni kelajak avlodga meros qilib qoldirish. Agar bu eksponatlar orqali birgina yosh inson fidoyi xizmatchiga aylansa, mehnatim samara bergan bo‘ladi, – dedi Ergash Abduqodirov hayajon bilan.

Yoshlar mazkur tashrif chog‘ida muzey eksponatlari bilan katta qiziqish bilan tanishib, Ergash Abduqodirovning xizmat davridagi eng qiyin va ta’sirli voqealar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotlar olishdi.  

Tadbir yakunida yosh xodimlar faxriyga chuqur hurmat-ehtirom bildirib, uning hayot yo‘li, samarali xizmatlari va hayotiy saboqlaridan katta taassurot olganliklarini qayd etishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri