“Vatanparvarlik” oyligi doirasida Toshkent harbiy okrugi Angren garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan hududdagi tibbiyot politexnikumi, 16- va 27-sonli hamda Ohangaron tumanidagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida vatanparvarlik festivali tashkil etildi.
Tadbirlarning rasmiy qismida yoshlarga harbiy xizmatning jamiyatdagi o‘rni, milliy armiyamizning himoya salohiyati, vatanparvarlik va mas’uliyat tushunchalari haqida aytildi. Harbiy orkestr ijrosidagi vatanparvarlik ruhida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, faxriy qorovul va qo‘l jangi jamoasining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etilib, ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Festival doirasida yoshlarning milliy armiyaga e’tiborini oshirish, Vatan himoyasiga mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan viktorinalar, interaktiv o‘yinlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, Chirchiq garnizonidagi harbiy qismda ham ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Unda Chirchiq shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda yoshlar harbiy qismda faoliyat yuritayotgan fan va sport yo‘nalishidagi to‘garaklar, badiiy kutubxona, shuningdek, harbiy xizmatchilarning kundalik xizmat faoliyati va jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Muhimi, mazkur sa’y-harakatlar turli yot g‘oyalarning yoshlar ongiga ta’sirining oldini olish, ularni qaysi kasb yo‘nalishini tanlashidan qat’iy nazar, Vatanga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish ruhida tarbiyalashga qaratilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.