Buxoro viloyatida yoshlarning ijodiy va intellektual qobiliyatini rivojlantirish, iste’dodi va madaniy saviyasini har tomonlama yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etish, bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik salohiyatini oshirish va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 11 fevral kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyatida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizimda tamomila yangi bosqichni boshlab berdi.
Misol uchun Vobkent tumanida yil boshidan 44 ta mahallada o‘tkazilgan xatlov orqali 36 ming 630 nafar “yoshlar balansi” shakllantirildi va 27 071 nafari yashil, 8 731 nafar sariq va 828 nafar qizil toifalarga ajratib olindi. Tumanida 828 nafar og‘ir toifaga olingan yoshlar bilan manzilli ishlash tartibi tashkil qilindi. Ularning 511 nafari viloyat va tuman darajasidagi rahbarlariga biriktirildi.
Hozirga qadar yoshlarning bandligiga ko‘maklashish va ularning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish masalasi to‘laqonli ijobiy hal etildi. Probatsiya hisobida turgan Javohir Namozov bu e’tibor natijasida aniq ish o‘rniga ega bo‘ldi.
– Tuman prokurorining sayyor qabulida ishsizligim bo‘yicha murojaat qilgandim, – deydi Javohir Namozov. – Murojaatim ijobiy yechim topdi. Ayni paytda katta bir savdo do‘koniga ishga qabul qilindim. Ish haqimni vaqtida olyapman. Bundan tashqari imtiyozli kredit olishga ko‘maklashildi.
[gallery-23590]
– Milliy kurash bilan shug‘ullanib kelyapman, – deydi Gulyuz Sharipova. – Inson salomatligi uchun milliy kurash katta ahamiyatga ega. Sportning turli yo‘nalishlari uchun biz yoshlarga yaratib berilgan sharoitlar, imkoniyatlardan unumli foydalanish lozim. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatiga qatnashib faxrli birinchi o‘rinni egalladim. Jahon chempioni bo‘lishni o‘zimga maqsad qilganman.
Qorovulbozor tumani hududida alohida ishlash talab etiladigan yoshlar soni 44 nafarni tashkil qiladi. Ulardan besh nafari tuman prokuroriga biriktirilgan. E’tiborli tomoni, mas’ullarning olib borgan o‘rganishlari natijasida ularning aksariyati sportga qiziqishi borligi oydinlashdi. Shundan so‘ng, Bo‘zasi mahallasida qarovsiz bino sport markaziga aylantirildi.
– Mahallamizda sport inshooti ishga tushgandan so‘ng, yoshlarimiz bo‘sh vaqtini shu yerda o‘tkazmoqda, – deydi murabbiy Feruz Shodmonov. – Hozirda, sport to‘garaklarida yuzdan oshiq o‘g‘il-qizlar shug‘ullanib kelmoqda. Asosiy vazifa sport arenalarida o‘z mahoratini ko‘rsatib, yurtimiz bayrog‘ini sharaflashdan iborat. Tashlandiq holatdagi mavjud inshoot bugun zamonaviy sport zaliga aylantirildi. Bu esa yoshlarimiz uchun katta bir tuhfa bo‘ldi, desak mubolag‘a emas.
Qorovulbozorda 5451 nafar yoshlar ro‘yxatga olingan. Shundan 142 nafari qizil toifaga kiritilgan bo‘lsa, hozirgacha ular orasidan chempion sportchilar yetishib chiqqani ham e’tiborga molik. Eng muhimi, olimpiya sport turlari bugun tumanning chekka mahallasigacha kirib bordi.
Prezidentimiz topshirig‘i asosida hududlardagi og‘ir toifadagi yoshlarning muammolarini hal etish va qo‘llab quvvatlash, ular o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish ham ustuvor vazifa qilib belgilangan. Jumladan, G‘ijduvon tumanidagi otaliqqa olingan va probatsiya hisobda turuvchi yoshlar va ularning oila a’zolari uchun muntazam tibbiy ko‘riklar tashkillashtirilib, mehnat yarmarkalari o‘tkazib kelinmoqda. Viloyat prokurori bilan probatsiya hisobida turuvchi 8 nafar yoshning muloqoti ochiq va samimiy ruhda bo‘ldi. Ularning muammolari joyida hal etildi.
Bugun tumandagi yoshlarning muammo va takliflari o‘rganilmoqda. “Byosin” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Munisa Mavlonova tikuvchilik bilan shug‘ullanib keladi. U faoliyatini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha tikuv mashinasi zarurligini bildirgan edi. Uning murojaati hal etilgani yosh hunarmandning imkoniyatini oshirdi.
Ta’kidlash lozimki, bugun ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlar taqdiri mas’ullar nazoratida. Ular uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda. Bir milliondan ziyod Buxoro yoshlari esa bu imkoniyatlardan ruhlanib, marrani yanada katta olmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.