O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi hamda Guliston davlat universiteti hamkorligida universitetning faollar zalida “Tabiat va ayol – asrovchi ikki muqaddas qudrat!” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yoshlar va talabalarni ekologik ongni yuksaltirish, asrash hamda ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr almashishga keng jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Tabiiy fanlar fakulteti dekani, professor-o‘qituvchilar, viloyat va shahar Kengashi deputatlari hamda faol talaba-yoshlar ishtirok etdilar. Uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Oybek Karimov ayol va tabiatning uzviy bog‘liqligiga alohida urg‘u berdi:

– Ayol — hayot manbai, tabiat esa tiriklik beshigi. Uni asrash qanday muqaddas burch bo‘lsa, ayolni e’zozlash ham shunday ulug‘ qadriyatdir. Bahor fasli yer yuzini yashnatgani kabi, ayol ham jamiyatni mehr, sabr va oqilalik bilan bezaydi. Biz ekologik madaniyatni, avvalo, oiladan, onalar tarbiyasidan boshlashimiz zarur.
Tadbirda ta’kidlanganidek, tabiat va ayol — hayotni uyg‘otuvchi, uni yuksaltiruvchi qudratdir. Bahorda har bir daraxtga yangi hayot baxsh etilgani kabi qizlar va ayollar ham jamiyatga go‘zallik, poklik va yangi imkoniyatlar olib kiradilar. Ularning qalbi osmon yanglig‘ keng, tuyg‘u, orzulari beg‘ubor, intilishlari esa yangi ochilgan kurtakdek umidbaxshdir. Ayol mehridan kuch olgan jamiyat hech qachon kam bo‘lmaydi, uni asragan xalq esa o‘zini asragan bo‘ladi.

Uchrashuv davomida ekologik ongni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi hamda ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Yoshlar o‘z fikr va tashabbuslarini bildirib, atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni saralash, ko‘kalamzorlashtirish va ekologik loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlaridagi takliflarini ilgari surdilar.
Uchrashuv yakunida “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi hamda universitet xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nigora Sultonova O‘zbekiston Ekologik partiyasining Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan esdalik sovg‘asi va tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Bu e’tirof uning ayollar salomatligi, ekologik madaniyat hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘lidagi samarali faoliyatiga berilgan munosib baho bo‘ldi.
– Mazkur uchrashuv ekologik ongni yuksaltirish, yoshlarda tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Ayollar esa nafaqat jamiyatda, balki oila tarbiyasida ham yetakchi kuch hisoblanadi, – dedi Nigora Sultonova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri