Shirin shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va shahar hokimligi hamkorligida “Yashil kelajak sari” shiori ostida Yoshlar ekoforumi tashkil etildi. Tadbir yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish, atrof muhitga e’tiborni oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazildi.
Forum shahar markazidagi “Yoshlar xiyoboni”da “5000 qadam yurish” aksiyasi bilan boshlandi. Unda shahar hokimligi va partiya vakillari, korxona va tashkilot rahbarlari, yoshlar hamda nuroniylar ishtirok etdi. Shuningdek, Toshkent, Jizzax, Samarqand va Navoiydan ham forum mehmonlari ishtirok etdi.

Dastur doirasida ishtirokchilar “Energetiklar muzeyi”ga tashrif buyurib, Shirin shahri tarixi, “Sirdaryo IES” va “Farhod GES” kabi yirik energetika ob’ektlarining qurilishi va rivojlanish bosqichlari bilan tanishdilar. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalari bo‘yicha mahalliy yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Yoshlar o‘z loyihalarida energiya tejamkorligi, chiqindi nazorati va atrof muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlariga alohida urg‘u berishgani ma’lum bo‘ldi.
Forum doirasida “Barchamiz birgalikda – yashil taraqqiyot uchun” shiori ostida ko‘chat ekish aksiyasi ham tashkil etildi. Ishtirokchilar iqlimga mos turli daraxt ko‘chatlarini ekishdi va Shirin – Bekobod yo‘li bo‘ylab chiqindilarni yig‘ish bo‘yicha amaliy tadbirda faol qatnashdilar. Bu tashabbus yoshlar ongida atrof muhitni muhofaza qilish va jamoaviy mas’uliyatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Shuningdek, “Yoshlar – kelajak poydevori” mavzusida seminar-trening ham o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva, partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Islomjon Qo‘chqorov va turli hududlardan kelgan partiya vakillari ishtirok etib, yoshlarga ekologik madaniyat, qonunchilikdagi yangiliklar va ekologik loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar berishdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Oybek Karimov ekoforumning ahamiyatiga alohida urg‘u berib shunday dedi:

– Ekologik madaniyat yoshlar ongida bolalikdan shakllanishi lozim. Bugungi ekoforum shunday madaniyatni amaliyot orqali singdirish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning atrof muhitga bo‘lgan mas’uliyatini kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Yoshlar bu kabi forumlar orqali nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, shuningdek ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda o‘z iqtidorlarini namoyon etish imkoniyatlari yaratildi.

Forumda psixologik va interaktiv treninglar ham o‘tkazilib, yoshlar o‘zining yangi ekologik loyihalarini taqdim etish, tajriba almashish va mutaxassislardan qimmatli tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan yoshlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri