Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar delegatsiyasi Surxondaryoda
18:23 / 2023-11-21

Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida yoshlar siyosati sohasida berilgan topshiriqlarni amalga oshirish yuzasidan Termiz shahri va Termiz tumanida barpo etilgan “Yoshlar infratuzilma ob’ektlari”ga tashrif buyurgan holda amaliy seminar tashkil etish rejalashtirilgan edi.

Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma boshliqlari hamda “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi hududiy bo‘limlari rahbarlari Surxondaryo viloyatiga yetib keldi va dastlab “Al-Hakim at-Termiziy” hamda “Sulton Saodat” ziyoratgohlarini  ziyorat qildi.

Delegatsiyaning keyingi manzili Termiz shahridagi “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” bo‘ldi. Ushbu markaz Prezidentimizning joriy yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ish boshlagan bo‘lib, kichik biznes loyihalarini tanlab, tashabbuskorlarni o‘qitish, moliyalashtirish va axborot bilan ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Biznes rejalar va texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, bozor topish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatish singari tadbirkorlarni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash  dasturi  doirasidagi  tadbirlarni amalga oshiradi.

[gallery-14702]

Navbatdagi manzil Termiz shahrida 3,8 gektar maydonda yangidan barpo etilgan “Vatanparvarlar bog‘i” bo‘ldi.  

Bog‘ “Vatanparvarlik”, “Madaniy hordiq”, “Sport” va “Ma’naviy ozuqa” hududlariga ajratilgan bo‘lib, yo‘nalishlarga mos ravishda jihozlangan.  

Hududda o‘rnatilgan tarixiy eksponatlar va harbiy texnikalar yoshlarga milliy armiyamizning tarixi va buguni haqida ma’lumotlar berish bilan birga, ularda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bog‘ hududida yangi hunarmandchilik markazi va zamonaviy kutubxona ham tashkil etilgan.

Shundan so‘ng mehmonlar Termiz shahrida barpo etilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasini borib ko‘rdi.

Tinchlik mahallasi hududidagi 2 gektar maydondagi binolarda jami 42 ta loyiha joylashtirilgan. Ular qurilish materiallari, kimyo va neft-kimyo, mebelsozlik, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoatiga taalluqli. Binolarni xarid qilish, uskunalar olib kelish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining imtiyozli kreditlari ajratiladi. Barcha korxonalar ishga tushgach, 500 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi binosida tashkil etilgan o‘quv seminarida 2023 yilda Surxondaryo viloyatida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, bitiruvchi yoshlar va ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, “Yoshlar daftari”da turuvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2024 yilda qilinishi rejalashtirilayotgan ishlar muhokama etildi.

O‘quv seminar ishtirokchilariga Surxondaryo viloyati namunasi asosida “Yoshlar ombor daftari” bo‘yicha tushunchalar berildi.

Seminarning so‘nggi manzili Termiz shahrida uzoq yillar e’tibordan chetda qolgan “Bobur” bog‘i negizida bunyod etilgan “Yoshlar sayilgohi” bo‘ldi. Prezidentimiz raisligida shu yilning 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohaga doir qator masalalarga e’tibor qaratilib, hududlarda yoshlar sayilgohlari va ijod ko‘chalari tashkil qilinishi lozimligi ta’kidlangan edi.  

Mazkur tashabbus doirasida Termiz shahridagi eskirgan bog‘ o‘rnida yoshlar uchun zamonaviy saylgoh bunyod etishga kirishildi. O‘tgan qisqa davrda qariyb uch yarim gektar hududda yirik qurilish–obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Bu jarayonda faol yoshlarning tashabbus va takliflari ham inobatga olindi. Loyiha doirasida 700 o‘rinli amfiteatr, uchta zaldan iborat 147 o‘rinli kinoteatr, 500 o‘rinli umumiy ovqatlanish shoxobchasi, musiqali favvora, turli attraksionlar, bolalar maydonlari qurildi. Endilikda bu yerda bunyod etilgan mingdan ortiq kitob fondiga ega “Book Cafe”, o‘ttiz o‘rinli kibersport hududi yoshlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanadi.  

Sayilgohning ochiq maydonlarida shaxmat-shashka, stol tennisi musobaqalari o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Ya’ni, bu joy oila yoki do‘stlar davrasida mazmunli dam olish uchun qulay maskanlardan biriga aylandi.

Sayilgoh ishga tushirilishi bilan 100 kishining bandligi ta’minlandi. Shuningdek, yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatgan bog‘da mavjud daraxtlar parvarishiga ham e’tibor kuchaytirildi. Hududga uch yarim ming tup turli daraxt ko‘chati ekildi.  

 

Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA