Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar – davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi
12:02 / 2024-01-06

Mamlakatimizda 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi bejiz emas. O‘zbekiston aholisining 70 foizga yaqini yoshlardan iborat. Bu yilning “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deya nomlanishi ham yoshlarga yanada kuch-quvvat, ilhom bag‘ishlaydi va ularni yangidan-yangi marralarni egallashi uchun imkoniyat taqdim etadi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Ularning o‘qib, kasb egallashi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.    

Har bir yosh chet elda o‘qishni, dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olishni, malaka oshirishni orzu qiladi, albatta. “El-yurt umidi” jamg‘armasi esa ancha yillardan beri yoshlarning bu orzularini amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan 2023 yilda ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ilg‘or xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish uchun 345 o‘ringa mo‘ljallangan 2-ochiq stipendiya tanlovi e’lon qilingan edi. Unda bakalavriat ta’lim dasturi uchun 22 o‘rin, magistratura ta’lim dasturi uchun 193 o‘rin hamda doktorantura ta’lim dasturi uchun 130 o‘ringa stipendiya ajratilgan.  

Shahzod Sheraliyev “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2023 yilgi 2-ochiq stipendiya tanlovida munosib qatnashgan va yuqori ballar to‘plagan hamda “Jamg‘arma stipendiati” deb e’tirof etilgan omadli yoshlardan biri. Shahzod Buyuk Britaniyaning Suonsi universitetiga magistratura bosqichida o‘qish imkonini qo‘lga kiritdi.  

– Men logistika yo‘nalishida mutaxassis bo‘lib yetishishni va kelajakda O‘zbekistonda logistika yo‘nalishini rivojlantirishga yordam berishni maqsad qilganman, – deydi Shahzod Sheraliyev. – Bu yo‘nalish nafaqat xorijiy davlatlarda, balki O‘zbekistonda ham tobora kengayib bormoqda. Barchamizga ma’lum, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarini tartibga solishda logistika infratuzilmasini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zimning sevimli kasbimni egallashda rivojlangan davlatlarning tajribalari bilan o‘rtoqlashish menga zavq beradi. Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etilmoqda. Yoshlar orasida esa kuchli bilimga va intellektual salohiyatga ega bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu esa sog‘lom raqobat muhitini yaratadi. O‘zimga berilgan imkoniyatlardan albatta samarali foydalanaman. Kelgusida Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan kadr bo‘lishga harakat qilaman.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA