Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlardan 1 ming 694 nafari ishli bo‘ldi
21:17 / 2021-08-10

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 48 ta mahallada 44 ming 200 dan ziyod oilalarda 175 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda aholining, xususan, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning turmush farovonligi va yashash sharoitlarini yaxshilash, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, bandligini ta’minlash orqali daromadlarini oshirish, kambag‘allikdan chiqarish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida Marhamat tumanida ana shu toifaga kiruvchi fuqarolarni yangi korxonalarni tashkil etish, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, dehqonchilik qilish uchun bug‘doydan bo‘shagan yerlardan ajratib berish hisobiga, eng avvalo, ularning bandligini ta’minlash, shu orqali daromadlarini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

– O‘rganishlar natijasida joriy yil boshida tumandagi ishsiz, kam ta’minlangan fuqarolar aniqlanib, ularning 2 ming 748 nafari “Yoshlar daftari”ga, 2 ming 423 nafari “Ayollar daftari” ga kiritildi, – deydi tuman hokimi Boburjon Yuldashev. – Bundan tashqari, ishsiz, qiyin sharoitlarda yashayotgan 3 ming 382 nafar fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi. Ularning bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan 2 ming 66 nafarining bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, ishsiz 937 nafar ayolning 936 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 413 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 87 nafari pul to‘lanadigan mavsumiy ishlarga jalb etildi, 7 nafariga subsidiya ajratildi, 428 nafari esa mustaqil ravishda o‘zini o‘zi band qilgan.

Kasb-hunarga o‘qish istagini bildirgan 305 nafar ayollarning 304 nafari o‘zlari istagan yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga yo‘naltirildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 581 nafar ayolga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun 7,6 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. O‘z tomorqasidan foydalanib, daromad olish istagidagi 245 nafar xotin-qizning 11 nafari 187 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit bilan ta’minlandi.

“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, shuningdek, ishsiz, qiyin sharoitlarda yashayotgan 6 ming 547 nafar fuqaroga bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlardan dehqonchilik qilish uchun 654,7 gektar yer maydoni ajratib berildi. Ular mazkur yer maydonlarida dehqonchilik qilib, o‘z daromadlarini oshirish imkoniga ega bo‘ldi.

– Ishsizman, shu bois oilaviy daromadimiz u qadar ko‘p emas, – deydi tumandagi Gar-gar mahallasi Bog‘ish ko‘chasida yashovchi Odinaxon Jumaboyeva. – Bug‘doydan bo‘shagan yerdan dehqonchilik qilish uchun 10 sotix yer ajratib berildi. Hozir shu yerda oilamiz bilan dehqonchilik qilyapmiz. Turli poliz mahsulotlari ekkanmiz, nasib etsa, yaxshigina daromad olamiz.

Olib borilgan yuqoridagi kabi ishlar natijasida birinchi bosqichda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 2 ming 423 nafar xotin-qizlarning muammolari hal etilib, ularning 98,4 foizi daftardan chiqarildi. Tumandagi 37 nafar ayol ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganligi, moddiy va tibbiy yordam ko‘rsatish orqali davlat qaramog‘iga olinib, daftarda qoldirildi.

Ana shu davr mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 2 ming 524 nafar yoshlardan 1 ming 694 nafarining bandligi ta’minlanib, daftardan chiqarildi.Tumanda “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, shuningdek, qiyin sharoitlarda yashayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil va tizimli davom ettirilmoqda.

F. UBAYDULLAEV, O‘zA