Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yoshlar daftari” bilan ishlash bo‘yicha hamkorlik samara bermoqda
20:39 / 2021-02-02

bugungi kunda Namangan viloyatining Uychi tumanida hamkor tashkilotlar tomonidan band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash, sektorlar kesimida yoshlar daftarini shakllantirish orqali ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz raisligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirish vazifasi belgilangan edi.

Mazkur masala yuzasidan Uychi tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Adhamjon Mahmudov rahbarligidagi to‘rtinchi sektorda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Jumladan, ro‘yxatga kirgan, hozirda vaqtincha ishsiz yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari ham huquqiy maslahat va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatmoqda.

Bunday sa’y-harakatlar o‘z natijasini berib, joriy yilning yanvar oyida 49 ta tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, shularning 18 tasi yoshlarni tashkil etadi. Quvonarlisi, ro‘yxatdan o‘tgan ikki yosh tadbirkor “Yoshlar daftarida”gi ishsiz fuqarolardir.

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan to‘rtinchi sektor hamkorligida tumanda band bo‘lmagan yoshlar va maktab bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ularni turli kasb-hunarga yo‘naltirilish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga qiziqtirishga qaratilgan “press-tur” tashkil etildi.

Dastlab, yoshlarga tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Shokirjon Yo‘lchiboyev davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish haqida atroflicha ma’lumotlar berdi. Kichik biznesga ishtiyoqmandlarga tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish va o‘z faoliyatini boshlash bo‘yicha qanday ish tashkil etish lozimligini tushuntirdi. Shundan so‘ng, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘g‘il-qizlar uchun tumandagi erkaklarga kostyum-shim tayyorlaydigan korxona faoliyati yaqindan tanishtirildi.

“Nam big tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi mazkur korxona 2019 yilda ish boshlagan bo‘lsa, dastlab uch nafar ishchi faoliyat olib borgan. O‘tgan yilda esa, 40 nafar band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlagan. Bu yil “Yoshlar daftari”dagi yetti nafar qiz ishga qabul qilindi. E’tiborlisi, press-turda yana bir yoshning bandligi ta’minlandi. Mahsulotlari to‘liq 100 foiz xorijga eksport qilinadigan ushbu korxona rahbari tomonidan yana 40 nafar yoshni ish bilan band qilish nazarda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Uychi tumanidagi to‘rtinchi sektor hududida 14 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud, ularda 53 ming 752 aholi istiqomat qiladi. O‘rganishlar davomida, 616 nafari “Ayollar daftari”ga, 281 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Hozirda, 23 nafar xotin-qiz bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 50 nafar yosh “1+1” dasturi bo‘yicha tadbirkorlarga bog‘landi. Shulardan, 27 nafari o‘zi xohlagan kasbi bo‘yicha ishga joylashtirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA