Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar chizgan rasmlarda vatanga muhabbat o‘zgacha aks etgan
11:25 / 2025-09-27

Jizzaxdagi Yoshlar innovatsion markazida mamlakatimiz hududlaridan saralangan iqtidorli yosh musavvirlar ishtirokida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan “Yosh musavvir” tanlovining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov 12-17 hamda 18-30 yosh toifalarida o‘tkazilib, ishtirokchilar Vatanga bo‘lgan muhabbatlarini ijodiy iqtidorlari orqali namoyon etdilar. Ularning ijodiy ishlari  “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot”, “Qadriyat, urf-odat va yoshlar” hamda “Yoshlar — Uchinchi renessans bunyodkori” mavzularini o‘zida aks ettirdi.

Rasmlarni  jizzaxlik hamda poytaxtimizdan  kelgan nufuzli hakamlar hay’ati  baholab bordi.  

– Bugungi yoshlarimizda iqtidor ham, imkoniyat ham bor. Biz har bir asarni diqqat bilan tahlil qildik va sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga e’tibor qaratdik, – deydi biz bilan suhbatda O‘zbekiston badiiy akademiyasi a’zosi, hakamlar hay’ati raisi Zoir Toshpo‘latov. –Ular chizgan go‘zal asarlar milliy san’atimizga yangi nafas bag‘ishlamoqda.

Tanlovda 12-17 yoshdagilar o‘rtasida birinchi o‘rinni jizzaxlik yosh musavvir Shalola Mamatova, ikkkinchi va uchinchi o‘rinlar esa mos ravishda Samarqand viloyati vakilasi Aziza Ashurbekova hamda Andijondan kelgan yosh rassom Rohilaxon O‘lmasovalarga nasib etdi.

[gallery-25489]

– Respublikamizning turli burchaklaridan kelgan eng iqtidorli yosh musavvirlar orasida uchinchi o‘rinni olish – men uchun sharaf, – deydi  Rohilaxon. – Ushbu tanlov o‘tgan go‘zal Jizzax shahri hamda yuzlaridan tabassum arimaydigan mehmondo‘st jizzaxliklar menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Ustozlarimdek san’atimizga o‘z hissamni qo‘shishga intilyapman, mazkur jarayondan esa juda katta kuch va ilhom oldim.

18-30 yosh toifasida esa Sirdaryo viloyati musavviri Farrux Mamadiyorov birinchi o‘rin sohibi  bo‘ldi. Ikkinchi o‘ringa Navoiy viloyatidan Rustambek Cho‘liyev hamda uchinchi o‘ringa Samarqand shahridan kelgan Fotima Husanovalar loyiq ko‘rildi.  

– “Yosh musavvir” tanlovi yoshlarning milliy o‘zligini anglashini kuchaytirish, ularda estetik did va madaniy qarashlarni mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida tahsinga loyiq, – deydi hakamlar hay’ati a’zosi Behzod Abdullayev. – Bu kabi tadbirlar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidorlarini yanada ochish hamda ularda Vatanga bo‘lgan muhabbatni yanada yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.  

Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilarga zamonaviy musavvirlik san’atining rivojlanish tendensiyalari va ijodiy ko‘nikmalar haqida ma’ruzalar o‘qildi, Jizzax tarixi va madaniyati aks etgan muzeylarga ekskursiya tashkil etildi.

Tanlov so‘nggida g‘olib va sovrindorlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA