Yurtimizda buyuk mutafakkir, davlat arbobi, g‘azal mulkining sultoni – Hazrat Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ijodi, uning asarlari kirib bormagan joy yo‘q.
Buyuk alloma tavalludining 580 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab, eng olis tumanlarda ham keng nishonlanayotgani buning isbotidir.
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani madaniyat saroyida “Navoiy izdoshiman” mavzusida adabiy, badiiy, musiqiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirda adabiyot ixlosmandlari, mumtoz she’riyatimiz muxlislari, yoshlar, jamoatchilik vakillari qatnashdi. Prezidentimizning 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulug‘ shoirning o‘lmas merosini o‘rganish va targ‘ib etishga, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga davlatimiz tomonidan berilayotgan katta e’tiborning amaldagi ifodasi ekanligi alohida ta’kidlandi.
– Alisher Navoiy asarlarida ulug‘langan tinchlik va farovonlik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, yaratuvchanlik, el-yurt obodligi kabi ezgu g‘oyalar bugun mamlakatimizda barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarda o‘z ifodasini topmoqda, – deydi tuman ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Muhammad Ismoilov. – bugungi globallashuv davrida Navoiy merosiga qayta-qayta murojaat etish, ulug‘ mutafakkir asarlarida o‘z ifodasini topgan insonni kamolotga yetaklovchi ezgu g‘oyalarni yoshlar ongiga chuqur singdirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Shu bois buyuk bobokalonimizning bebaho merosini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilish faoliyatimizdan doimiy o‘rin olgan. Maqsad – yoshlarimiz buyuk Navoiyga havas bilan ulg‘aysin.
Tadbirda yoshlar Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qidi, shoir g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar yangradi.
[gallery-1050]
Tumandagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan “Navoiy izdoshiman” mavzusida sahna asari namoyish etildi. Tadbir buyuk mutafakkir hayot va ijodi haqida suhbatlar, g‘azalxonlik, she’rxonlik bilan davom etdi. Tadbirda faol ishtirok etgan ijodkor o‘quvchilar faxriy yorliklar bilan taqdirlanib, badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Ulug‘ shoir xotirasiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir “Yoshlar bog‘i”da “Kitob – inson ma’naviyati ko‘zgusi” shiori ostida o‘tkazilgan xayriya yarmarkasiga ulanib ketdi.
Yarmarkada o‘ttizdan ortik davlat idoralari, tashkilot va korxona rahbarlari 400 ga yakin badiiy adabiyotlarni tuman axborot kutubxona markaziga takdim etdi. Masalan, “Do‘stlikdonmahsulotlari” AJ 30 dona, “Sangzortekstil” MCHJ 20 dona, tuman moliya bo‘limi, Ibn Sino tibbiyot texnikumi, tuman kasaba uyushmasi, xalk ta’limi bo‘limi kabi tashkilotlarning rahbarlarning har biri kutubxonaga 10 donadan kitob sovg‘a qildi.
Bunday tadbirlar viloyatdagi barcha o‘quv yurtlarida, madaniy muassasalarida bo‘lib o‘tayotir.
T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA