Mamlakatimizda Maktabgacha va maktab ta’limi, professional ta’lim, oliy ta’limda tom ma’noda yangicha yondashuvlar asosida, jahon ta’limiga integratsiyalashgan holda hayotiy zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan avlodni tarbiyalash, sifat va mazmun jihatdan ham anchagina takomillashdi, deb bemalol aytish mumkin. Bu jihat “Ta’limda dolzarb 90 kun”tadbirlarida ham yaqqol ifoda topmoqda.
Buxoro viloyatning barcha ta’lim muassasalari qatori viloyatdagi akademik litseylarda tashabbus doirasida o‘quvchilarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Mavjud to‘garaklarga o‘quvchilarning kattagina qismi qamrab olingan. Xususan, reja asosida fan, kasb-hunar va sport yo‘nalishlarida mashg‘ulotlar namunali tarzda tashkil qilingan.
– Barcha ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi akademik litseyimizda ham “Ta’limda dolzarb 90 kun” tashabbuslari asosida barcha dasturlar kesimida fan to‘garaklari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport mashg‘ulotlari chuqur va kengaytirilgan holda olib borildi, – deydiBuxoro Davlat tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey direktori Ra’no Ismatova. –Jumladan, barcha fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan to‘garaklarga yoshlarimiz jalb qilindi. Buxoro Davlat tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey o‘quvchilari so‘nggi uch yillikda Angliya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH, Rossiya kabi davlatlarning 20 dan ortiq nufuzli oliygohlari talabasi bo‘ldi. “Ta’limda dolzarb 90 kun”tadbirlari ushbu ko‘lamning oshishi uchun ham asos bo‘lmoqda.
[gallery-24474]
Kogon tumanidagi 15-umumta’lim maktabida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qobiliyati va qiziqishlarini rivojlantirish maqsadida turli yo‘nalishlarda 30 ga yaqin to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Muhimi, ta’tildagi tashabbus yoshlarning yuqori marralarga erishishi uchun ham keng yo‘l ochyapti. 600 dan ortiq o‘quvchi tahsil olayotgan ta’lim muassasasi o‘z oldiga yuksak marralarni qo‘ygan. Aytish lozim, o‘tgan yili ushbu ta’lim maskani oliy o‘quv yurtiga kirish bo‘yicha 70 foizlinatijani qo‘lga kiritgan edi. Bu raqamlar bu yilgi sarhisobda yanada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, Shofirkon tumanidagi 13-umumta’lim maktabida ham loyiha doirasida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni turli sohalarga qiziqtirish borasida ishlar qamrovi anchagina keng. Maktabda san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik, kasbga yo‘naltirish kabi yo‘nalishlarda turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu to‘garaklarda o‘quvchilar o‘zlarining iqtidorini namoyon qilish, yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, jamoada ishlash malakasini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bundan tashqari, maktab joylashgan hunarmandlar mahallasida ustoz-shogird an’analari asosida yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Ushbu tadbirlar maktabimizda ko‘tarinki ruhda tashkil etildi, –deydi direktor o‘rinbosari Muborak Yo‘ldosheva. – Buni o‘quvchilarni jarayonlarda faol ishtiroki orqali ham ko‘rish mumkin. O‘quvchilarning vaqtlarini mazmunli o‘tishiga bor bilim va kuchimizni sarflaymiz.
Shofirkon tumanidagi Mazlaxon Chandir mahallasida joylashgan 11-umumta’lim maktabida ham yoshlar katta ishtiyoq bilan yana maktabda o‘z bilimlarini boyitish, kasbiy ko‘nikmalarini oshirishyapti. Turli sport mashg‘ulotlarida ishtirok etib, o‘z salomatliklarini mustahkamlamoqda. To‘garak mashg‘ulotlari nafaqat o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, balki ularning intellektual va ijtimoiy rivojlanishida ham muhim omil bo‘lmoqda. Shuningdek, bu faoliyatlar yoshlarni kelajakdagi kasb tanloviga tayyorlashda, ularning hayotga ongli yondashuvini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, Quyi Chuqurakdagi 33-maktabda tashkillashtirilgan “Ta’limda dolzarb 90 kun” tadbirlari misolida yozgi ta’tilni nafaqat dam olish, balki o‘quvchi-yoshlar uchun o‘sish, o‘rganish, rivojlanish va yangi imkoniyatlar sari yo‘l ochayotganini ko‘rish mumkin.
– Tikuvchilik kasbiga qiziqaman, – deydi maktab o‘quvchisi Dilnoza Tolibova. – Bu kasbni avval buvijonimdan o‘rgandim. Endi esa ustozim bu kasbning sirlarini o‘rgatyapti. Kelajakda dizayner bo‘lmoqchiman.
Umuman olganda, Davlatimiz rahbarining 15 may kuni ta’lim tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlarasosida yozgi ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, sport maydonchalari, oromgoh va turizm ob’ektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.