Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga biriktirilgan 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Buxoro xalqaro aeroporti”da ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi.
Tadbir yosh avlodni yurt tinchligi va barqarorligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan bojxona tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.

Ekskursiya davomida o‘quvchilarga bojxona xizmatining iqtisodiy hamda milliy xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim o‘rni, shuningdek, xorijiy davlatlarga chiqishda bojxona chegarasidan o‘tish tartib-qoidalari batafsil tushuntirildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari kinologiya xizmati faoliyati, xizmat itlarining bojxona nazoratidagi ahamiyati hamda ularning amaliy mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishdi. Xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda jangovar o‘qotar qurollarni qismlarga ajratish va qayta yig‘ish jarayonining namoyish etilishi esa o‘quvchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi hamda ularda Vatanga sadoqat va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Bunday tadbirlar kelajak avlodni ongli, vatanparvar va mas’uliyatli etib tarbiyalash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.