Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining o‘ttiz to‘rt yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni arafasida Namangan viloyatida bir qator muhim ijtimoiy ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.
Davlatobod tumanida qaytadan barpo qilingan “Yoshlar bog‘i” yetti yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholi uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.
Mazkur go‘shada bundan 10-15 yil avval “Kamolot” yoshlar xiyoboni qurilgan va ma’lum muddat faoliyat yuritib kelgan, ammo, keyingi yillarda e’tibordan chetda qolayotgan edi. Prezidentimizning 2025 yil sentyabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda yosh avlod vakillarining bo‘sh vaqtlarini unumli va mazmunli tashkillash borasida muhim topshiriqlar yuklatilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi va “Zarbdor” tajribasi asosida amalga oshirilayotgan drayver loyiha doirasida aholi uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy saylgoh barpo etishga kirishildi. Natijada, bog‘ning ilk bosqichi to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Buning uchun respublika byudjetidan 7,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, hududda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Jumladan, elektr tarmoqlari to‘liq yangilandi, sug‘orish tizimi rekonstruksiya qilindi, hudud obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirildi. Natijada, “Yoshlar bog‘i” aholi, ayniqsa, yoshlar uchun yangi dam olish va ko‘ngilochar maskan sifatida o‘z eshiklarini ochdi. E’tiborlisi shundaki, mazkur joyda 75 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 35 dan ortiq tadbirkor o‘z faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
[gallery-27084]
Bog‘ aholining qulay va xavfsiz dam olish maskani sifatida xizmat qiladi. Qolaversa, kelgusida bog‘ni to‘liq rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha ko‘ngilochar va sport infratuzilmasini yaratish hamda xizmat turlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Tantanali ochilish marosimida qatnashgan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov bunday bunyodkorlik ishlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va aholi farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu islohotlarning amaliy samarasi ekanligini alohida ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.