Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan uchrashuvlar
15:09 / 2025-12-05

“Yangi O‘zbekiston” universiteti tashabbusi bilan Yuqori Chirchiq tumanidagi umumta’lim maktablarida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adiblar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tashkil etilgan tadbirda taniqli ijodkor, shoir, jurnalist Muhammad Ismoil, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Gulbahor Saidg‘aniyeva ham ishtirok etdi. Ijodkorlarning ilk manzili hududdagi 1-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Unda adabiyot o‘qituvchilari, o‘quvchilar ishtirok etib, ustoz ijodkorning suhbatlari va she’rlaridan bahramand bo‘ldi. 

Tadbirda yoshlar o‘zlarining badiiy chiqishlari bilan ijodkorlarni xushnud qildi. Xalq orasida mashhur bo‘lgan she’rlar, turli kuy-qo‘shiqlar esa barchaga zavq ulashdi. Shoirlar ham Vatanni, yoshlikni madh etuvchi she’rlaridan o‘qidi. Yoshlar tomonidan har bir adibning ijod yo‘li haqida to‘xtalib, yozgan asarlaridan parchalar o‘qildi. 

Ijodkorlar 2-umumta’lim maktabida bo‘lib, tadbir qatnashchilari barcha yoshlarni davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chorladi. Ko‘proq badiiy va ilmiy asarlar o‘qish va bilim olishning foydalari haqida so‘z yuritildi. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universitetida talabalarga yaratilgan imkoniyat va qulayliklar xususida ma’lumot berildi. 

– Bu kabi adabiy suhbat yoshlarimiz dunyoqarashini oshirib, o‘z iqtidorini ko‘rsatishga yordam beradi, – deydi 2-umumta’lim maktabi direktori Ayteken Umirzavova. – Hozir ta’lim dargohimizda o‘zbek va qozoq tillarida 212 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ulardan umidlarimiz katta. Adabiyot vakillari bilan yaqindan muloqotlar esa ularga o‘z iqtidorini kashf qilishga yordam beradi. 

Shuningdek, ijodkorlar 21-umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan tashkil etilgan uchrashuvda ham ishtirok etdi. 

A.Musayev, O‘zA.