5 iyun – Butunjahon atrof muhit kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishda davlat organlarining faolligini jadallashtirish maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi Jizzax viloyat boshqarmalarining rahbar va mas’ullari, yosh ekofaollar, volontyorlar, maktab bitiruvchilari ishtirok etishdi.
Ushbu muloqot davlatimiz rahbarining joriy yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrolarini ta’minlash maqsadida tashkil etilganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.

Uchrashuvda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining boshlig‘i Erkin Xolmatov aholi va yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish va yuksaltirish maqsadida yoshlar, ayniqsa, ekofaollar va volontyorlarning faoliyati ko‘lamini kengaytirish, xususan, targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshirish va bevaosita bu sohaga yoshlarni jalb qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Yoshlar bilan muloqotda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasining volontyorlar markazi rahbari Abdurahmon Rabbimov, “Yosh ekofaollar” harakati kengashi raisi Sitora Boboyevalar ham so‘zga chiqib, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da yoshlarning ekologik loyihalarda faol ishtirok etishlari orqali atrof-muhit muhofazasiga befarq bo‘lmaslikka chaqirishdi.
Shuningdek, tadbirda yaqinda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tgan “Eko-oromgoh – 2025” tadbirida faol ishtirok etgan jizzaxlik yoshlarning bir guruhi taqdirlandi. Bundan tashqari, “Yosh ekofaolllar” harakati kengashining kelgusidagi rejalari haqida kelishib olindi.
“Butunjahon atrof muhit kuni” munosabati bilan o‘tgan uchrashuv so‘nggida yoshlar hayotimizda uchrab turadigan ekologik muammolarga oid va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob olishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri