Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvda ular mamlakatimiz taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi ekanini ta’kidlab, “Yoshlar bilan ishlash – kelajagimiz bilan ishlash demakdir” degan g‘oyani ilgari surdi.
Muloqot davomida Prezidentimiz yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib, har bir yosh o‘z iste’dodi va intilishiga mos ravishda qo‘llab-quvvatlanishi zarurligini qayd etdi. Xususan, yoshlarning startap loyihalari, ijodiy tashabbuslari, innovatsion g‘oyalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini, buning uchun moliyaviy va tashkiliy mexanizmlar yanada kengaytirilishini bildirdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida mamlakatimizdagi barcha vazirlik, idora va hokimliklarda har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanganini e’lon qildi.

Endilikda har payshanba kuni mas’ul rahbarlar bevosita yoshlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning muammo va takliflarini tinglaydi hamda amaliy yechimlar ishlab chiqadi. Prezidentimiz bu borada: “Rahbar yoshlarni eshitsa, yoshlar davlatga ishonadi”, deya alohida urg‘u berdi. Asosiy maqsad — yoshlarni eshitish, ularning muammolariga joyida va tezkor yechim topish, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay muhit yaratishdan iborat.
Mazkur tashabbus ijrosi doirasida, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida institut rektori, professor, taniqli kompozitor Avaz Mansurov bilan “Rektor va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Tadbir davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar — yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, san’at va madaniyat sohasida yangi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ayniqsa, estrada san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarning zamonaviy musiqiy texnologiyalarni o‘zlashtirishi, xalqaro maydonda raqobatbardosh ijod mahsulotlarini yaratishi, milliy musiqa merosini zamonaviy talqinda namoyon etishi dolzarb vazifa sifatida qayd etildi.
Rektor Avaz Mansurov o‘z so‘zida Prezidentimizning yoshlar siyosatiga doir tashabbuslari oliy ta’lim muassasalari, xususan, san’at oliygohlari oldiga katta mas’uliyat yuklashini ta’kidlab, institutda talabalar uchun qo‘shimcha ijodiy loyihalar, ustoz-shogird an’analari asosidagi mahorat darslari hamda yosh bastakor va ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari kengaytirilishini ma’lum qildi.
N.Usmonova, O‘zA