Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘zatov tumani sudining tergov sudyasi Qayrat Qipshakbayev Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Unda 2025-yil davomida oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar tahlil qilinib, kelgusida bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan ishlari haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi vaqtlarda talaba yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar asosan, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq. Xususan, oynasi qoraytirilgan transport vositalaridan foydalanish, telefondan foydalanish, belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmaslik kabi qoidabuzarliklar keng tarqalayotgani qayd etildi.

Shuningdek, yo‘l bezoriligi, guruh bo‘lib xavfli harakatlanish, transport vositasini mast holda boshqarish, haydovchilik huquqisiz transport boshqarish, litsenziyasiz yo‘lovchi tashish, mayda bezorilik, jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish shuningdek, Internet tarmoqlarida yolg‘on axborot tarqatish kabi huquqbuzarliklar uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilangani atroflicha tushuntirildi.

Tadbir doirasida sayyor ochiq sud majlisi ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 176-3-moddasi (avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) bo‘yicha 18 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan ma’muriy ishlar ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan 11 nafar huquqbuzarga nisbatan, huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etib, belgilangan 30 kun ichida qoidabuzarlikni ixtiyoriy bartaraf etgani – ya’ni yo‘lovchi tashish uchun tegishli litsenziya olgani inobatga olinib, ish yurituvi tugatildi. Qolgan 7 nafar shaxsga esa qonun doirasida ma’muriy jarima tayinlandi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni qonunlarga hurmat va itoat ruhida tarbiyalashdan iboratdir. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA