English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan ochiq muloqot
12:16 / 2024-02-10

Farg‘ona viloyat musiqali drama teatri har doimgidan ham gavjum. Mazkur ma’naviyat maskanida O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi hamkorligida madaniyat, sport, turizm hamda Yoshlar agentligi tizimlarida mehnat qilib kelayotgan yosh ishchi-xodimlar va tizimdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

G‘ayrat-shijoatga to‘lgan, vatanim taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shaman, degan umidli yoshlarga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. 2024 yilning Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi barcha yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Aytish kerakki, yoshlar har jabhada O‘zbekiston kasaba uyushmalari, qolaversa, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda. 

Uchrashuvda so‘z olgan O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Otabek Musayev farg‘onalik yoshlarga qarata Vatanni sevish, tinchlikning qadriga yetish, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda yosh avlod uchun yaratib berilayotgan sharoitlarga alohida to‘xtalib, Yangi O‘zbekiston yoshlarini olg‘a intilishga undadi. 

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev farg‘onalik yoshlar erishayotgan muvaffaqiyatlar haqida gapirar ekan “Sizlar yuksak iste’dod va mahoratingiz, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz bilan yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessansni barpo etishga, albatta, munosib hissa qo‘shasizlar”, deb yuksak ishonch bildirdi.

Ochiq muloqot davomida kasaba uyushmalari faoliyati hamda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha viktorina o‘yinlari o‘tkazildi. 

Savollarga to‘g‘ri va tezkorlik bilan javob bergan 20 nafar g‘olibga “Xalq so‘zi” hamda “Jadid” gazetalariga 2024 yil uchun bepul obuna sertifikatlari va Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. 

–Yoshlar bilan tashkil etilgan muloqot biz uchun har tomonlama foydali bo‘ldi, -deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filiali 2-kurs talabasi Zarina Jo‘raqo‘ziyeva.-Bugungi uchrashuvda hayotda o‘z o‘rnimizni topishda ilm-ma’rifatning, tarbiyaning, kitob o‘qishning o‘rniga alohida urg‘u berildi. Kelajak, shubhasiz, yaxshi o‘qigan, o‘z ustida ishlagan yoshlar qo‘lidadir. Shunday ekan, biz yoshlar yaxshi o‘qib, ajdodlarimizga mos avlod bo‘lib ulg‘ayishimiz, yurtimizning ravnaq topib, yuksalishida o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Qolaversa, bugungi viktorinada faol ishtirok etib, “Jadid” gazetasiga 2024 yil uchun bepul obuna sertifikati va esdalik sovg‘asiga ega bo‘ldim. 

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston davlat satira teatrining mahoratli ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Qalbim sohili” nomli spektakl namoyishi farg‘onalik yoshlarga manzur bo‘ldi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri