Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
17:45 / 2026-02-27

Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi 4-umumta’lim maktabida “Yoshlar kuni” doirasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy ongini yuksaltirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbir “Vatanparvarlik va milliy qadriyat” hamda “Huquqiy bilimlar” mavzularida o‘tkazilib, o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish va faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga qaratildi.

Uchrashuvda shahar prokurori Sherali Suyunov va shahar IIB boshlig‘i Abdurashid Boyqulov ishtirok etib, o‘quvchilar bilan samimiy va ochiq muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi, ularning taklif va tashabbuslari e’tibor bilan tinglandi.

Tadbirda yoshlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, qonunlarga rioya qilish madaniyati, milliy qadriyatlarga hurmat va Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, turli salbiy ta’sirlardan ogoh bo‘lish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Ma’lumki, 2026-yilning 24-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan muloqotda yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini alohida ta’kidlab, barcha rahbarlar oldiga birorta ham yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmaslik vazifasini qo‘ygan edi.

Mazkur ochiq muloqot ana shu ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlar bilan manzilli ishlash va ularning muammolariga amaliy yechim topishga qaratilgan muhim va amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri