Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Institutda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy va psixologik muhitni shakllantirish, ta’lim muassasasining nufuzini oshirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Talabalarning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Konstitutsiyalari kunlariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar muntazam o‘tkazilmoqda. Prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi.

Har haftaning payshanbasi “Profilaktika kuni” sifatida belgilanib, tegishli soha vakillari va institutning profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda diniy ekstremizm, terrorizm, korrupsiya, odam savdosi, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi.
Institutda taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li, Berdaq G‘arg‘abay o‘g‘li kabi buyuk siymolar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy kechalar tashkil etildi. Shuningdek, talabalarning teatr va muzeylarga muntazam ravishda borishi yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi vaqtda institutda jami 82 ta to‘garak va klub faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularga jami 6 ming 727 nafar talaba qamrab olingan. Jumladan, 32 ta fan, 16 ta sport, 22 ta ma’naviy-ma’rifiy, 10 ta hunarmandchilik yo‘nalishidagi to‘garak, “To‘maris” ashula va raqs xalq ansambli, “Siy perde”, “Tarannum”, “Baldao‘ren” ansambllari, “Turon” jamoasi, “Ziyoli yoshlar” hamda “Munozara” intellektual klubi iqtidorli, bilimli, zukko talabalarni birlashtirmoqda.

Institut sport klubi tomonidan 12 turdagi sport yo‘nalishida mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 630 nafar talaba, shu jumladan, 227 talaba-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. O‘quv yili davomida “Universiada”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi”, “Rektor kubogi” kabi sport musobaqalari va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etildi.
Prezident qaroriga muvofiq, Nukus shahri va Ellikqal’a tumanidagi 11 ta mahallada uyushmagan yoshlar bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, hududlarda 29 ta sport musobaqasi, 36 ta targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mahalla yoshlari institutning sport maydonchalari va axborot-resurs markazidan muntazam foydalanmoqda.
Albatta, amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar talaba-yoshlarning ma’naviy kamoloti, huquqiy savodxonligi, sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Institut jamoasi kelgusida ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni davom ettiradi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.