O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda davlatimiz rahbari raisligida yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda partiya Markaziy Kengashi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari so‘zga chiqib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar, mavjud loyihalar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, partiya tomonidan yoshlarni ekologik madaniyat ruhida tarbiyalash, ularni "yashil iqtisodiyot" g‘oyalari atrofida birlashtirish, innovatsion ekologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash, hududlarda ekologik tashabbuslar maktabini yo‘lga qo‘yish kabi qator loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, joriy yil Davlat dasturidan kelib chiqqan holda partiyaning yillik ish rejasiga kiritilgan yangi tashabbuslar, yoshlar bandligini ta’minlash va daromad manbaini yaratishga qaratilgan aniq mexanizmlar xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Partiya fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Oybek Rahimov qonunchilik tashabbusi asosida yoshlarga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqishda bevosita yoshlarning fikri va ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, yangi g‘oya va takliflarini ilgari surdi.
M.Komilova, O‘zA