Mamlakatimizda yoshlar bilan ochiq va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etish, tashabbus va takliflarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu maqsadda tashkil etilgan “Yoshlarni eshitamiz” ochiq muloqot platformasi davlat organlari rahbarlari va yoshlar o‘rtasidagi amaliy muloqot uchun samarali maydonga aylanmoqda.
Platforma doirasida respublika va hududiy boshqaruv idoralari mutasaddilari tomonidan joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, yoshlarning fikr-mulohazalari bevosita tinglanmoqda, dolzarb masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Navbatdagi ochiq muloqot “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov ishtirokida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda suv ta’minoti va irrigatsiya sohasida mehnat qilayotgan 100 nafardan ortiq yosh mutaxassis hamda oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Muloqot davomida sohada yaratilgan shart-sharoitlar, ish jarayonidagi imkoniyatlar, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, mutaxassislar malakasini oshirish va tarmoqni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama etildi. Yoshlar tomonidan ish jarayonida uchrayotgan muammolar, taklif va tashabbuslar ochiq bayon qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, tizimda faoliyat yuritish uchun zarur infratuzilma va imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, mavjud kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Yosh mutaxassislardan esa kasbga sadoqat, mas’uliyat va sohani rivojlantirishga daxldorlik talab etiladi.
Uchrashuv doirasida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Oliy ta’lim muassasasi bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish, talabalarni ichimlik suvi hamda oqova suv inshootlariga olib borish orqali ularning nazariy bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
“Yoshlarni eshitamiz” tadbirlari doirasidagi muloqotlar Samarqand shahrida ham davom etmoqda. Navbatdagi uchrashuv Yoshlar ishlari agentligi Samarqand shahar bo‘limi binosida tashkil etildi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, muammoli masalalar yuzasidan batafsil javoblar oldi.
Qayd etilganidek, mazkur ochiq muloqotlar doirasida har ikki uchrashuvda 30 ga yaqin taklif va murojaatlar o‘rganilib, ular yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu esa yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qaror qabul qilish jarayoniga faol jalb etish hamda tarmoqda inson kapitali salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Shu tariqa, “Yoshlarni eshitamiz” platformasi davlat idoralari va yoshlar o‘rtasidagi ishonchli muloqotni mustahkamlab, sohalarni izchil rivojlantirishga qaratilgan amaliy mexanizm sifatida o‘z samarasini namoyon etmoqda.
Nilufar Bozorova,
O‘zA