Andijonda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bitiruvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida ular o‘z fikr va takliflarini bildirib, kelajak rejalari haqida erkin mulohaza almashishdi. Uchrashuv yoshlar uchun ilhom va yangi maqsadlar manbaiga aylandi.
Viloyat hokimi Andijon shahridagi 37-umumta’lim maktabida bo‘lib, bitiruvchi yoshlar bilan do‘stona suhbat qildi. Suhbat jarayonida ta’lim sifati, kasb tanlovi, ish bilan ta’minlash, xorijiy tillarni o‘rganish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Shuhratbek Abdurahmonov har bir savol va taklifni diqqat bilan tinglab, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlar uchun munosib ta’lim va kasbiy o‘sish imkoniyatlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
– Har bir yosh xorijiy tilni mukammal o‘zlashtirishi kerak, – dedi viloyat rahbari. – Bu kelajakdagi muvaffaqiyat kalitidir. Biz ushbu yo‘nalishda barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz.

Uchrashuv ochiq va ishonchli ruhda o‘tdi. Yoshlar o‘z kelajagiga ishonch bilan qarash, orzulari sari dadil qadam tashlash uchun bu kabi muloqotlarning muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi. Tadbir yakunida o‘quvchilar viloyat hokimi bilan suratga tushib, esdalik lahzalarni muhrlab qo‘ydi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari