Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev institutning bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashdi.
Joriy o‘quv yilida mazkur oliy ta’lim muassasasini 1000 nafardan ortiq bitiruvchi tamomlab, mehnat bozoriga yangi malakali tibbiy kadrlar sifatida kirib boradi.

Uchrashuv davomida institut rektori, avvalo, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. U yosh shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashishi, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini chuqur o‘zlashtirishi hamda aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishi zarurligini ta’kidladi.

Muloqotda bo‘lg‘usi yosh mutaxassislarning kelgusidagi rejalari, ularning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi, tibbiyot sohasida xususiy amaliyot yo‘lga qo‘yish borasidagi tashabbuslari haqida fikr almashildi. Ayrim talabalar o‘z biznes g‘oyalarini taqdim etib, xususiy klinika yoki diagnostik markazlar tashkil etish, tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Tadbir davomida tijorat banklari tomonidan yosh mutaxassislar uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan imtiyozli kreditlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, institut rahbariyati tomonidan yosh bitiruvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus mexanizm ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Yoshlar o‘z fikr va takliflarini erkin bildirib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan bevosita institut rahbariyati bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu esa talabalar va rahbariyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri