Qorao‘zak tumani Yoshlar markazida “Sudya va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Unda Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi A.Soliyev va Qorao‘zak tumani prokurori yordamchisi E.Sa’dullayev ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.
Tadbirda sudya tomonidan yoshlarga so‘nggi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, 2025 yil 11 martda qabul qilingan “Aholiga sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonun haqida tushuncha berildi. Qonun bilan fuqarolarning sudlarga onlayn tarzda murojaat qilishi va masofadan ishtirok etishi uchun yaratilgan qulayliklar joriy etilgani qayd etildi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmonining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Farmonda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, sud ishlarini yuritishda avtomatlashtirishni yanada rivojlantirish, sudyalar faoliyatini yengillashtirish va odil sudlovning ochiqligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Shu bilan birga, sud binolarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, moddiy-texnik ta’minotni yaxshilash orqali fuqarolar uchun munosib sud muhitini yaratish ham ko‘zda tutilgan.
Tadbir davomida sayyor sud majlisi tashkil etildi. Unda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning og‘ir oqibatlari, yoshlar o‘rtasida uchrayotgan turli qonunbuzarlik holatlari haqida hayotiy misollar keltirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri