Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida “Yoshlarga oid davlat siyosati: 2025-yilgi natijalar va 2026-yilgi ustuvor vazifalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Toshkent viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev, O‘zLiDeP Toshkent viloyat kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, hududdagi mazkur yo‘nalishga mas’ul tashkilotlar mutaxassislari, partiya faollari va deputatlar, OAV vakillari qatnashgan anjumanda hududda yoshlar siyosatiga oid yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, hozir viloyatda 732 ming 600 nafardan ziyod yoshlar yashaydi. Bu hudud aholisining katta va faol qismini tashkil etadi.

Yoshlar bilan ishlashda manzilli yondashuvni ta’minlash maqsadida ular “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar bo‘yicha xatlovdan o‘tkazilgan. Ayniqsa, “og‘ir” toifadagi 9 ming 31 nafar, otaliqqa olingan 5 ming 877 nafar yosh bilan individual ishlash mexanizmi joriy etildi. Natijada ularning bandligi 100 foiz ta’minlandi. Bu esa profilaktika va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari samarasini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda yoshlarimizning bilim olishi, chet tillarini o‘zlashtirishi, zamonaviy kasblarni egallashi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Ustoz AI” kabi loyihalar yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Viloyatda 12 ta Yoshlar markazi faoliyat yuritib, ular yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunar va til o‘rganish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilyapti. Shuningdek, 6 ta o‘quv markazi ijara asosida 3 ming nafardan ortiq yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitmoqda.

Matbuot anjumanida 2026-yilda tashabbusli byudjet doirasida yana 4 ta hududda Yoshlar markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani aytildi. Prezidentning 2025-yildagi bir qator qarorlari doirasida 500 ga yaqin yoshlarga 60 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Natijada mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
– Albatta, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaymiz. Oldimizda yana muhim vazifalar turibdi, – deydi viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i N.Hojiyev. – Jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, ishsiz yoshlarni manzilli biriktirish, tadbirkorlikni kengaytirish va yoshlar infratuzilmasini yanada rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarimizdan bo‘lib qoladi. Kelgusida huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan ishlashni kuchaytirish, 7 ming 119 nafar ishsiz yoshlarni manzilli biriktirish, 1 ming 950 nafar yoshga yer ajratish, 100 mingdan ziyod yoshni mega loyihalarga jalb etish hamda 3 ming 450 nafar yoshga imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Umuman olganda, Toshkent viloyati bo‘yicha yoshlarga oid davlat siyosati natijadorlik, manzilli yondashuv va amaliy qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Tadbirda davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan qulayliklar, yangi imtiyozlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari xususida fikr bildirildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
A.Musayev,O‘zA