Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish vaqti keldi
17:08 / 2023-06-05

Ta’lim-tarbiya bilan farzandlarni voyaga yetkazishni ajdodlarimiz o‘zining Vatan oldidagi oliy maqsadi, burchi deb bilgan.

Yoshlarni milliy va umumbashariy ahamiyatga ega qadriyatlar, an’analarga hurmatni saqlash, tabiiy fanlarni ilmiy tadqiq etish orqali mamlakatni rivojlantirish ruhida tarbiyalash uchun avlodlarga xizmat qiladigan ta’lim-fanga oid asarlar yaratgan. Bunday nodir manbalar bugungi kungacha bizning hayotimizda yuksak  mazmun kasb etib kelmoqda.  

Boisi,  Sharq Uyg‘onish davrini olamizmi, jadidlar faoliyatini o‘rganamizmi, xalqni — xalq, millatni —millat sifatida shakllantirishda xalqimiz vakillari yoshlarni o‘qitish bo‘yicha samarali sa’y-harakatlar olib borishgan.  

Xususan, Yusuf  Xos  Hojib “Qutadg‘u bilig”, Alisher Navoiy “Hayrat-ul abror” kabi asarlarida yoshlikning barkamol shakllanishi borasida noyob fikrlarini bildirgan bo‘lsa, Abdulla Avloniy  mamlakatning taraqqiy etishida ta’lim-tarbiya ham hayot-mamot masalasi ekanini alohida ta’kidlagan. Shundan ko‘rinib turibdiki, ta’lim-fan, tarbiyada, umumbashariy g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab yashagan xalqimiz hayotining har bir davrida yoshlar ta’limi dolzarb bo‘lib kelgan.    

Shu bois, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi yoshlar ekani davlatimiz rahbari tomonidan bot-bot aytilmoqda. Xususan, o‘tgan 6 yilda yuksak maqsadlarga erishishda davlat byudjetining katta qismi ta’limga yo‘naltirilib kelinmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning 2030 yilga kelib,“Global innovatsion indeks” reytingi bo‘yicha jahonning 50 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirish strategik rejasi qabul qilingani oliy ta’lim tizimiga ham zalvorli vazifalarni yuklaydi.  

Davlat tomonidan yoshlarning mamlakat manfaatlari¬ yo‘lida erkin ijtimoiylashuvi va o‘zlarini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi yoshlarga oid davlat siyosatini anglatadi.  

Joriy yilning 11 aprelida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan   Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ana shu yuksak va hal qiluvchi maqsadlar o‘z ifodasini topdi.  

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, dunyo jadal sur’atlarda taraqqiy etib, integratsiyalashuv tezlashar ekan, yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish vaqti keldi.  

Ta’kidlash joizki, bugungi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlar qonun bilan tartibga solindi. Davlat tomonidan yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishlardagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratildi.  

Xususan, o‘tgan davrda Beshta muhim tashabbus markazi faoliyatida ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlangan yoshlar kamol topmoqda. Ushbu yoshlar ertaga mamlakatni boshqarishda ishonchli ustunlar bo‘lib shakllanadi. Boisi, innovatsion, ijodiy, kreativ fikrlaydigan, kamida uchta tilni biladigan bilimli, fidoyi va shijoatli yoshlarni tarbiyalash oliy ta’lim tizimi oldidagi yuksak vazifalardan sanaladi.  

Shu maqsadda, universitetimizda tahsil olayotgan 20 ming nafardan ortiq yosh talabalar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning tashabbus va istaklaridan kelib chiqib, qolaversa, 30 iyun kunida nishonlanadigan “Yoshlar kuni”ni munosib kutib olish maqsadida, “Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbiri oyligi yuqori saviyada o‘tkazilishiga start berildi.  

Ushbu ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbiri oyligi chora-tadbirlarida aynan yoshlarning ichki dunyosiga mos keladigan qariyb 300 dan ortiq turli xil madaniy-ma’rifiy tadbirlar rejalashtirilib olindi.  

Yoshlar oyiligiga universitetimizning professor-o‘qituvchilari va xodimlari ham qizg‘in yondashmoqda. Xususan, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar o‘rtasida sportning futbol turi bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasining ochilish marosimi doirasida sport festivaliga start berildi.  

Jamoalarning dastlabki futbol musobaqalari tashkil etildi. Mazkur tadbirda 1200 nafardan ortiq talaba, 200 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi va xodimlar ishtirok etdi.  

Shuningdek, mazkur oylikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talaba-yoshlari ishtirokida universitetning A.Karpov nomidagi shaxmat maktabida “Rektor kubogi” tashkil etildi.  

Oylik doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida iqtidorli lider qizlar zaxirasini yaratish, olima ayollarni tayyorlash, ularning boshqaruv sohasidagi rolini kuchaytirish, jamiyatdagi o‘rni va mavqeyini oshirish hamda rag‘batlantirish maqsadida 2022 yilda universitetda ilk bor “Lider qizlar” klubi tashkil etildi.  

2023 yil 2-4 may kunlari “Lider qizlar” klubining 2023 yil saralash jarayonlari uch bosqichda o‘tkazilib, 22 nafar nomzod klubning yangi tarkibiga tanlab olindi.  

“Lider qizlar” klubining asosiy vazifasi — saralangan klub a’zolarini liderlikka tayyorlab borish, vatanga sodiq inson etib tarbiyalash, ularda mustaqil fikrlash, boshqaruv va liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun shart-sharoitlar yaratib berishga ko‘maklashishdir.  

Yoshlar oyligi yo‘nalishida talabalar uchun o‘tkazilayotgan“Streetworkout” musobaqasi, “Pazandalik tanlovi”, “Karaoke time” ko‘ngilochar dasturi, “Movie night” shaklida, katta ekranda milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi kinolar namoyishi, “Zakovat” intellektual o‘yinlar, “Students party” madaniy ko‘ngilochar dasturlar amalga oshirildi.  

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli va Ellikqal’a hududlarida turizm salohiyatini oshirish va madaniy-meros ob’ektlarini targ‘ib qilish maqsadida "Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!" shiori ostida “Sahro sadosi” yoshlar festivali tantanavor o‘tkazilmoqda.  

Mazkur festival nafaqat Beshta muhim tashabbusdagi maqsadlarni o‘zida mujassam etishi, balki hududda turizm infratuzilmalarini dunyo nigohida namoyish etish uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Buning natijasida hudud yanada jozibador bo‘lib, unda turizm oqimi ko‘payadi, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratilishiga asos bo‘ladi.  

“Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz” shiori ostida Olmazor va Uchtepa, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanida joylashgan OTMlarning talabalari ishtirokida "Munozara" debat turniri, “O‘zbekiston — dunyoviy davlat” mavzuida ilmiy seminar, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi hamkorligida “Besh tashabbus olimpiadasi”, 2023 yil mavsumida mahalla yoshlari o‘rtasida “Yoshlar raqs festivali” tanlovining hududiy bosqichlarining o‘tkazilishi talaba yoshlarda shukronalik hissining oshganligi, bugungi kundan rozi bo‘lib yashash ruhiyati paydo bo‘lganligi hamda kelajakka bo‘lgan ishonchlari yanada oshganligini ko‘rish mumkin.  

Muxtasar qilib aytganda,  “Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz” shiori ostida qizg‘in va ko‘tarinki ruhda davom etayotgan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari oyligi universitetimiz  talablarining yagona maqsad yo‘lida birlashishlariga yanada samarali ta’sir qiladi.  

 Sadirdin XUDOYQULOV,

TDIU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy

 ishlar bo‘yicha birinchi prorektori,

iqtisod fanlari doktori, professor