Navoiy viloyatida ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda yoshlarning o‘rnini yanada oshirish maqsadida Oila va xotin-qizlar, maktabgacha va maktab ta’limi, ichki ishlar hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari va ularning hududiy bo‘limlari rahbarlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda “oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorlik dasturi doirasida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvar holatida viloyatda 14-30 yoshdagi yoshlar soni 269 502 nafarni tashkil etib, jami aholining 24,6 foiziga teng. Bu esa yoshlar bilan ishlashda tizimli va manzilli yondashuvni talab etadi.
Ta’kidlanganidek, bola tarbiyasi faqat ta’lim muassasasining vazifasi emas. Oilada shakllangan qadriyatlar, mahalladagi ijtimoiy muhit va maktabda berilayotgan ta’lim o‘zaro uyg‘unlashgandagina kutilgan samaraga erishish mumkin. Aks holda tarbiya jarayonida uzilishlar yuzaga keladi, nazorat va mas’uliyat masalalarida bo‘shliqlar paydo bo‘ladi.
Muhokamalarda o‘smir qizlarning ta’lim olishi, salomatligi va ma’naviy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’limdan chetda qolish holatlarining oldini olish, erta nikoh va salbiy ijtimoiy holatlarni profilaktika qilish, tibbiy ko‘riklar va reproduktiv salomatlik bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish, maktab psixologlari va xotin-qizlar faollari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Yig‘ilish yakunida muammoli oilalar bilan individual ishlashni kuchaytirish, ta’lim muassasalari va mahalla o‘rtasida tezkor axborot almashinuv tizimini yo‘lga qo‘yish, sog‘liqni saqlash muassasalari bilan profilaktik tadbirlarni muntazam o‘tkazish va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish bo‘yicha aniq choralar belgilab, ijrosi nazoratga olindi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri