Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan ishlash tubdan takomillashtiriladi
16:45 / 2020-01-25

Xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida hududlarning oʻziga xosligidan kelib chiqib yoshlar bilan ishlashni tubdan takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan seminar-trening tashkil etildi.


Xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida hududlarning oʻziga xosligidan kelib chiqib yoshlar bilan ishlashni tubdan takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan seminar-trening tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 27-dekabr kuni mamlakat yoshlari bilan videoselektor tarzida boʻlib oʻtgan uchrashuvida har bir vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariga hamda hokimlarga yoshlar bilan ishlash boʻyicha alohida vazifalar belgilab berilgan edi.

Ana shu topshiriqlar ijrosi yuzasidan tashkil etilgan seminar-treningda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari T.Xudoybergenov, Sh.Kudbiyev, Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari U.Muhammadiyev va Prezident maslahatchilari oʻrinbosarlari Q.Quronboyev, A.Saʼdullayev ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda vazirlik va tashkilotlar masʼullari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, tuman “Mahalla” kengashlari raislari oʻrinbosarlari, ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosarlari hamda Yoshlar ittifoqi mahalliy kengashlari raislari qatnashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudoybergenov Prezidentimizning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga yoʻllagan Murojaatnomasida koʻrsatilgan vazifalar boʻyicha mamlakatimizda joriy yildan boshlab malakali yosh kadrlarni tayyorlash, sohalarga keng jalb qilish va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasida ishlarni kengaytirish kerakligini taʼkidladi.

Joriy yil mamlakatimiz yoshlari hayotida tub islohotlar boʻlishi zarurligi, har bir rahbar yoshlarga shaxsiy oʻrnak koʻrsatishi kerakligi alohida aytib oʻtildi. Mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarda yoshlar kamarbasta boʻlishi lozimligi boʻyicha muhim fikrlar bildirildi. Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ular turmushini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar berildi.

Seminarda Respublika Ishchi guruhi tomonidan hududlarni obodonlashtirish, mavjud muammolarni oʻrganish, yoshlarga oid davlat siyosati borasida joylardagi asl vaziyat xususida videofilm namoyish etildi. Har bir masalaga tanqidiy yondashildi. Sohalarda maxsus yoshlar otryadlarini tashkil etish, ular bandligini taʼminlash, eng muhimi, malakali mutaxassislar etib tarbiyalash boʻyicha tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi. Bu borada xorijiy tajribadan keng foydalanish lozimligi boʻyicha kelishib olindi. Xususan, Jizzax viloyati Gagarin shahri, Mirzachoʻl tumanidagi obodonlashtirish ishlari, aholi kayfiyati ijobiy oʻzgarayotgani va bu kabi saʼy-harakatlarda yoshlarga oʻrnak boʻladigan soha zahmatkashlarini boshqa joylarda ham koʻpaytirish kerakligi aytildi.

Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumani yoshlari takliflari, tashabbuslari alohida misol qilib koʻrsatildi.

Qayd etilganidek, Prezident topshirigʻi asosida joriy yilda uzoq qishloqlarda yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik, qishloq xoʻjaligi, ipakchilik, fan-taʼlim va innovatsion texnologiyalariga oid koʻrik-tanlovlar, uchrashuvlar va amaliy tadbirlar oʻtkazish, yosh iqtidorlarni topishga eʼtibor qaratiladi.

– Prezidentimiz hamisha yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagan, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi raisi Obodboy Doniyorov. – Xususan, 2019-yil 27-dekabr kuni yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvda ham “Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi”, deya taʼkidlagani bejizga emas. Bugun aynan shu masalalarni muhokama qildik. Prezident maslahatchilari tomonidan koʻplab tavsiyalar berildi. Ayniqsa, oʻtgan vaqt davomida amalga oshirilgan Qoraqalpogʻiston tajribasi butun Oʻzbekiston boʻyicha oʻrnak sifatida koʻrsatildi. Biz bundan xursandmiz. Joriy yilda bu boradagi ishlar qamrovini oshiramiz. Chekka joylardagi yoshlar bandligini taʼminlab, tashabbuslarini roʻyobga chiqaramiz. Eng muhimi, barcha rahbarlar bu saʼy-harakatlarga jiddiy yondashadi.

Seminarda Qishloq xoʻjaligi va Suv xoʻjaligi vazirliklariga hududlardagi eng chekka joylarda qarovsiz qolgan, foydalanilmayotgan yerlardan unumli foydalanish boʻyicha topshiriqlar berildi. Yosh tashabbuskor yigit-qizlarga maxsus meva-sabzavot yetishtirish uchun sifatli urugʻlar tarqatish, issiqxona barpo qilishga koʻmaklashish kelishib olindi. Bu borada Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Amudaryo, Boʻzatov, Beruniy va boshqa tumanlarda amalga oshirilayotgan ishlar misol tariqasida fotosuratlar va filmlar orqali koʻrsatildi.

Bundan tashqari, chegara hududlarda yoshlar maʼnaviyatini yanada oshirish, vaqtini samarali oʻtkazish uchun madaniyat markazlarini barpo etish, maktab va bogʻchalarni namunali qilish boʻyicha zarur choralar koʻriladigan boʻldi. Maqsad yoshlarni yot gʻoyalardan asrash, vaqtini samarali oʻtkazish va ijtimoiy faolligini oshirishga erishishdir.

Yoshlarga oid davlat siyosati, “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi“ni amalga oshirish, Xalq qabulxonalarida yoshlar bilan uchrashish, ularning muammolarini aniqlash va yechimini topish, ular oʻrtasida huquqbuzarlik profilaktikasi, jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari muhokama qilindi.

Seminar-trening viloyatlar kesimida toʻrt bosqichda joriy yilning 5-fevraliga qadar davom etadi.