Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi
16:21 / 2022-01-29

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, Ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jahonda g‘oyaviy-mafkuraviy kurashlar keskin davom etayotgan, ma’naviy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarga bepisandlik, zararli yot g‘oyalarga berilish va ergashish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarlik, shuningdek, turli diniy oqimlar ta’siriga qo‘shilib ketish holatlari hamon uchramoqda.

Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi  “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari  to‘g‘risida” gi qarorida yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligii oshirish uchun har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladigan bo‘ldi.

Har bir mahallada va barcha ta’lim muassasalarida “Yoshlar balansi” ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib, ular bilan samarali ish tashkil qilish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, beshta muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish bevosita yoshlar yetakchisining  asosiy vazifalari etib belgilandi. Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish masalalari  nazarda tutilgan.

Mazkur qaror asosida yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini madaniyat va san’atni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish,  vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish, tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash asosiy yo‘nalishlarda amalga oshirishi belgilandi.

Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorga (direktor o‘rinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi o‘rinbosari) maqomi berildi;
Davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida direktorning ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari yoshlar masalalarida idoralararo hamkorlik va Yetakchilar faoliyatiga ko‘maklashish uchun mas’ul deb hisoblanadigan bo‘ldi.

Yetakchilarning hamda Yoshlar ishlari agentligining mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi 10008 nafar yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantirilib, ish faoliyati natijalariga ko‘ra Yetakchilarni Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish, bunda ushbu Yetakchilar tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazilishi mumkinligi belgilandi. 

Yoshlar ishlari agentligiga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Yetakchilarni har chorak yakuni bo‘yicha oylik ish haqining 50 foizigacha miqdorda mukofotlash huquqi berilganadi;

Boshqa hududlardan kelib o‘z faoliyatini olib borayotgan Yetakchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha bo‘lgan miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab berilishi, shuningdek, yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan Yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi farmoniga muvofiq belgilanadigan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya berilishi qayd etildi. 

Qabul qilingan mazkur qaror asosida Yetakchilar uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan xizmat xonalarini ajratish va ularni moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter to‘plami, aloqa, internet va boshqalar) bilan ta’minlansh, mahalliy byudjet mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Yetakchilarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga ulangan, masofadan turib hisobotlar taqdim etish hamda videokonferensaloqa shaklida yig‘ilishlarda ishtirok etish imkonini beruvchi planshetlar bilan ta’minlanash bilan birga, Yetakchilarni vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash ishlari ta’qiqlanishi belgilab berildi.

Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, inson qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga qaratilgan mazkur qaror bevosita xalq bilan, ayniqsa, yoshlar bilan yangicha tendensiyalar asosida ishlash orqali tizimda ijobiy samaradorlikka erishish, eng muhimi, “inson – oliy qadriyat” tamoyili asosida amalga oshirilayotganligi bilan diqqatga sazovordir.
Negaki, bugungi kunda jahonda kechayotgan ma’naviy tahdidlar dunyo mamlakatlariga o‘zning salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham, ma’naviy tahdidlarni o‘z vaqtida ilg‘ab, jaholatga qarshi ma’rifat bilan, g‘oyaga qarshi g‘oya bilan, har qanday muammoni o‘z vaqtida aniqlab, uni bartaraf etish - yoshlar siyosatining ustuvor masalalardandir.  

Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning asl mohiyati va pirovard maqsadi - bugungi murakkab va tahlikali zamonda xalqimiz ma’naviyatini yot g‘oyalardan himoya qilish, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlab qolib, rivojlantirish, yoshlarimizni Vatanimizga, milliy g‘oyamizga sadoqat ruhida tarbiyalashdir. 
Bugun yoshlar ta’lim-tarbiyasi sohasini modernizatsiyalash “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” hamda mamlakatimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida belgilangan jarayonlar bilan uyg‘un bo‘lishi talab etilmoqda. Mana shunday yangi tarixiy vaziyatda «Yangi O‘zbekistonni har tomonlama innovatsion rivojlantirish uchun, Uchirnchi Renessans poydevorini yaratishimiz uchun yoshlarimizda qaysi fazilatlarni kuchaytirib, qaysi illatlarga chek qo‘yishimiz kerak?», degan savollarga ilmiy javoblar kerak. Bu savolga esa, professor-o‘qituvchilar, olimu-ulamolar javob berishi va xalqimizni, yoshlarimizni bunyodkor ishlarga da’vat qilishi lozim. 
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, yoshlar tarbiyasi yo‘nalishlarida mahalla mas’ullari, maktab ta’limida yoshlar bilan bevosita yaqindan ishlashadigan sinf rahbarlari, oliy ta’lim tizimida tyutorlar, Ota-onalar kengashi, Ustoz-shogird tizimi, Xotin-qizlar qo‘mitasining joylardagi mas’ullari va Yoshlar ittifoqi tashkilotining o‘rni, ularning fidoiyligi judayam muhimdir. Negaki, bugun davlatimiz Yangi O‘zbekiston - «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» tamoyili asosida taraqqiyotning yangi  - Uchinchi Renessans davrining poydevorini yaratishga qadam qo‘ymoqda. 
Bunda esa, yoshlarimizni O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi talablari negizida tarbiyalash, ularni mustaqil kasbiy ma’naviy hayotga tayyorlash – ta’lim-tarbiya muassasalarining barcha bo‘g‘inlarida faoliyat ko‘rsatuvchi o‘qituvchi, ustoz va murabbiylarning faoliyatiga bog‘liqdir.

Quvondiq QODIROV,
Nukus davlat pedagogika instituti Yoshlar masalalari va 
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori.
O‘zA