Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan ishlash tizimi yangicha mazmunga ega bo‘lmoqda
10:44 / 2022-01-24

Yurtimiz taraqqiyoti har tomonlama o‘sib-o‘nib kelayotgan navqiron avlodning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyati va madaniyati bilan chambarchas bog‘liq.

 Zero, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim sharti hisoblanadi. Bu borada ertamiz egalariga qaratilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning eng ustuvor yo‘nalishi sanaladi.

Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 19 yanvarda “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi.

Hujjatga muvofiq, har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi.

Mazkur lavozim egalari “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshiradi.

Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi ta’minlaydi.

Qarorga ko‘ra, yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda madaniyat va san’atni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish hamda tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash yoshlar yetakchilarining asosiy faoliyat yo‘nalishi hisoblanadi.

Xabaringiz bor, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish maqsadida o‘tgan yilning 3 dekabr kuni davlatimiz rahbarining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Kuni kecha qabul qilingan yoshlar yetakchisi lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror esa mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi deyish mumkin. Zero, yetakchi yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish bo‘yicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi bilan hamkorlik qilishi belgilangan.

Shu bilan birga ish faoliyatini samarali tashkil etib, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘lgan hamda ularga yetakchilik qilgan yetakchilar “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda Qo‘qon shahrida ham yetakchi lavozimiga yoshlar bilan ishlash tajribasiga ega, yoshlarni ergashtira oladigan, shaxsiy fazilatlari bilan namuna ko‘rsatgan, fidoyi va sadoqatli nomzodlarni saralash jarayonlari boshlandi.

2022 yil 1 martga qadar yetakchilar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar har qanday millat, yurtning ertasi sanaladi.

Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida yoshlarga hayotda munosib va o‘z o‘rnini topib berish orqali yuksalishga erishish mumkin. Zero, jamiyatning barcha jabhalarida faol, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib voyaga yetgan yoshlar bugunimiz va ertamizning haqiqiy davomchilari hisoblanadi.

Erkinjon MAHMUDOV,
Qo‘qon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i

O‘zA