Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar tufayli yoshlar siyosati sohasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Joriy yil boshidan mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari tomonidan hududdagi har bir mahallada “Yoshlar balansi”ni shakllantirish maqsadida xonadonbay yoshlar muammolari va qiziqishlari o‘rganildi.


Natijada 726 ming 800 nafar (14-30) yoshlar ma’lumoti shakllantirilib, 3 ta “yashil”, “sariq”, “qizil” toifaga ajratildi. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan, o‘tgan 2021-2024 yillar mobaynida 96 ming 773 nafar yoshlarga 241 milliard 211 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar evaziga amaliy ko‘maklar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2025 yilning dastlabki choragi davomida 1 ming 310 nafar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 4 milliard 324 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi.
Joriy yil boshidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Viloyatda oxirgi 3 oy davomida jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan yoshlar ishtirokida 1 ming 775 ta amaliy va ijobiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, jinoyatga moyil bo‘lgan 203 nafar yoshlar kasb-hunarga, 186 nafar yoshlar chet tillariga o‘qitildi. Shu bilan birga, 218 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi, 776 nafar yoshlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etildi. Matbuot anjumanida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.


– 2024 yil yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “DXX kubogi”, kurash bo‘yicha “Bosh prokuror kubogi”, gandbol bo‘yicha “Mahallalar uyushmasi kubogi” musobaqalarining o‘zida 157 ming nafar mahalla yoshlari qamrab olindi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi rahbari Nodir Hojiyev. – Ayniqsa, Beshta tashabbus olimpiadasi musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarning mahallalarida 64 ta sport maydonchalari barpo etilgani, davlatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor yuqori darajadaligini isbotlaydi. Bundan tashqari, xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha jami 280 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.
Tadbirda migratsiya, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik kabi soha va tarmoqlarda yoshlar bilan bog‘liq erishilgan natijalar haqida aytib o‘tildi. Agentlikning hududiy bo‘limlari xodimlari faoliyati sarhisob qilindi. Shundan so‘ng jurnalistlar tomonidan turli masalalar bo‘yicha bergan savollarga mutaxassislar javob berdi.
A.Musayev,O‘zA