Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Oydin mahallasida yoshlar bilan ishlash borasida olib borilayotgan ishlar namunaviy tajriba sifatida e’tirof etilmoqda. Mahalla aholisi, xususan, yoshlar o‘rtasidagi muammolarni o‘rganish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va faol hayotga jalb etish maqsadida tashkil etilgan tizim orqali yoshlarning turmush tarzi, dunyoqarashi va ijtimoiy faolligi sezilarli darajada o‘zgarmoqda.
Mahallada yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Shahzod Jalolov o‘z vazifasini bajarishda avvalo yoshlar bilan doimiy muloqot, ularning qiziqishlari va ehtiyojlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratadi. Bugungi kunda Oydin mahallasining 10 ming 874 nafar aholisi orasida 1 ming 610 nafarini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Shu omilga tayangan holda manzilli va tizimli ishlar olib borilmoqda.
– Yoshlar siyosati doirasida mahalla miqyosida amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” rejasi asosida 92 ta tadbir, loyiha va tanlovni o‘z ichiga olgan kalendar reja ishlab chiqdik, – deydi Shahzod Jalolov. – Xususan, yoz oylarida sport, san’at, texnologiya, ta’lim va ijtimoiy faollik kabi sohalarda mingdan ziyod yoshlar faol ishtirok etmoqda.
Mahallada yoshlarning sportga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlik” futbol klubi tashkil etildi. Ushbu jamoa Kasbi tumanida o‘tkazilgan yosh o‘smirlar o‘rtasidagi viloyat turnirida 1-o‘rinni, shuningdek, “Nasaf-2014” jamoasiga qarshi bahsda ham g‘alabani qo‘lga kiritgan. Shuningdek, kurash bo‘yicha ham viloyat va Respublika bosqichlarida muvaffaqiyat qozonayotgan yoshlar mahallaning faxriga aylanmoqda.
Texnologiyalar sohasida ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Mahallada joylashgan Texnopark bazasida “Best Coder” nomli dasturlash va SMM to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, 100 ga yaqin yoshlar muntazam ravishda zamonaviy IT ko‘nikmalarini egallamoqda.
– Men 15 yoshdaman. Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida 9-sinfda o‘qiyman, – deydi Madinabonu Qurbonova. – Yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazish maqsadida texnoparkda SMM bo‘yicha ta’lim olmoqdaman. Kelajakda media marketing sohasi rivojiga hissa qo‘shishni niyat qilganman.
So‘nggi ikki oyda 25 ta sport tadbiri, 11 ta ko‘ngilochar shou dasturi, 7 ta intellektual o‘yin, 9 ta kitobxonlik va xorijiy til bo‘yicha tanlovlar o‘tkazildi. Bu tadbirlar orqali yoshlar o‘rtasida bilimga qiziqish, madaniyatga bo‘lgan e’tibor va ijtimoiy faollik yuqori darajaga ko‘tarildi.
Oydin mahallasida 1 ta umumta’lim maktabi, 1 ta oliy ta’lim muassasasi, “Ishga marhamat” mono markazi va Texnopark mavjud bo‘lib, ushbu infratuzilmalar yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Yoshlar yetakchisi bu maskanlar bilan hamkorlikda ularni ta’limga, kasbga yo‘naltirish, ish bilan ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirmoqda.
Bugun mahallada yoshlar bilan ishlash tizimi natija berayotgan samarali mexanizm sifatida shakllanmoqda. Bu jarayonning markazida esa yoshlar yetakchisi – Shahzod Jalolov turibdi. Uning faoliyati nafaqat mahalla, balki butun Qashqadaryo viloyati uchun namuna sifatida e’tirof etilmoqda.
Mahalla darajasida amalga oshirilayotgan bunday ishlar – davlat siyosatining quyi bo‘g‘inidagi samaradorlik ifodasidir.
O‘lmas Barotov,O‘zA muxbiri