Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bilan ishlash holati o‘rganildi
18:46 / 2025-07-24

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.

Tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini kuchaytirish, muammolarni aniqlab, joyida amaliy yechimlar berish maqsadida Respublika komissiyasi a’zolari o‘rganish ishlari yakuni yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda yoshlar bandligi, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish kabi masalalar muhokama qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev Nukus shahridagi “IT -Park” faoliyati bilan tanishdi. U yerda Prezidentning 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda joriy yil 14 fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan yer va kredit olgan yoshlar, shuningdek, startap loyihalari ustida ishlayotgan iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi. Ochiq muloqot davomida yoshlarning tashabbus va muammolari tinglandi.

Nukus shahridagi “Oydin yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, harbiy qismga biriktirilgan yosh — Nazira Jaqsimuratovaning xonadoniga ham borildi. Uyning bir qismi davlat ko‘magida ta’mirlanib, onasi doimiy ish bilan ta’minlangani qayd etildi. 

Shuningdek, Nukusdagi “Yashil bog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Talabalar oromgohi” faoliyati ham o‘rganildi. “Dolzarb - 90 kun” doirasida tashkil etilgan ushbu hududda Nukus davlat pedagogika institutining dala amaliyotini o‘tayotgan talabalar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Amudaryo tumanidagi mahallalardan birida davlatimiz rahbarining “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yer olgan yosh fermer bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bu yoshning ish tajribasi, muvaffaqiyati va ehtiyojlari o‘rganildi.

Mazkur tashriflar davomida komissiya a’zolari yoshlarning hayoti, orzulari, muammolari va davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar bilan bevosita tanishdi. O‘rganishlar jarayonida amaldagi tizimga tahliliy yondashuv asosida baho berilib, mavjud muammolarga joyida yechimlar taklif qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri