Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da “Yoshlar bilan individual ishlash tizimi samaradorligini yanada oshirish” mavzusida uch kunlik o‘quv-seminari boshlandi. Unda Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimlari, tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, IIB, Milliy gvardiya mas’ullari va yoshlar yetakchilari ishtirok etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yoshlar kirib kelmoqda. Joriy yilning 11 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda yoshlar bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim bilan qamrab olish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom fikrlashlariga zamin yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.


– bugungi kunda yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu ishlarni mahallada tashkil etish bo‘yicha vertikal boshqaruv tizimi yaratildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Laziz Qayumov. – Shuningdek, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hududlarda “Kreativ park”lar tashkil etish, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanish borasida aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda. Yoshlar ishtirokida sport, kibersport va intellektual o‘yinlar, kitobxonlik kechalari tashkil etilmoqda.


O‘quv seminarida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlar bilan individual ishlash tizimi samaradorligini yanada oshirish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida so‘z yuritilmoqda.
– Yoshlar bilan individual ishlashni jadallashtirish, jamiyatdan ajralib qolgan, hayotda o‘z o‘rnini topolmayotgan, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan yoshlarni faol hayotga qaytarish oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Umid Bahromov. – bugungi seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj yoshlar bilan alohida ishlashni tashkil etib, ularni kasb-hunarga o‘qitish hamda bandligini ta’minlashdan iborat.
Albatta, yoshlar bilan ishlash borasida belgilab berilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yoshlarning davlatimiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rliklarni his qilishiga va faol hayotga kirib borishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA