Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar Behbudiyning hayoti va faoliyatidan atroflicha voqif bo‘lishdi
20:38 / 2025-11-27

Guliston shahridagi Prezident maktabida jadidchilik harakatining yetakchi shaxslaridan biri, taniqli dramaturg va publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan maxsus kino namoyishi bo‘lib o‘tdi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” badiiy filmi maktab o‘quvchilari tomonidan katta qiziqish bilan tomosha qilindi. Film orqali yoshlar 19‑asr oxiri va 20‑asr boshlaridagi ijtimoiy va siyosiy burilishlar, jadidchilik harakatining rivoji va davrning murakkab sharoitlari haqida atroflicha tasavvurga ega bo‘lishdi.

Kartinada Behbudiyning yangi maktablar ochish, dunyoviy va jadid uslubda ta’lim‑tarbiya berish, ijodiy faoliyatlari va jadidchilik harakati doirasidagi ishlari keng yoritilgan. Shuningdek, birinchi o‘zbek drama asari “Padarkush”ning yaratilishi va sahnalashtirish jarayonlari ham filmda aks ettirilgan.

Film 2002 yilda suratga olingan, keyinchalik qayta ishlanib, qo‘shimcha tasvirga olish ishlari amalga oshirilgan. Ssenariy mualliflari — Ulug‘bek va Baqo Sodiqovlar, rejissyor — Baqo Sodiqov, ikkinchi rejissyor — Muattar Mirrajabova, postanovkachi operator — Ravshan Musayev. Kartinada Faxriddin Shamsimatov, Afzal Rafiqov, Yayra Abdullayeva va boshqa aktyorlar asosiy rollarni ijro qilishgan.

Tomosha davomida o‘quvchilar Behbudiyning xalq ma’rifatini oshirish yo‘lidagi fidokorona xizmatilaridan, shuningdek, jadidlar davrdagi sinov va qiyinchiliklardan ham voqif bo‘lishdi.  

– Bunday ma’naviy tadbirlar yoshlar qalbida tarixga hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi, tinch hayotimiz qadrini anglash va berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga undaydi, – dedi Guliston shahridagi Prezident maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shohista Namozova.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri