Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Butun yurtimizda bo‘lgani kabi bu borada Andijonda ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Bugungi kunda Andijon viloyatida 851 ming 800 nafar 14-30 yoshdagi yigit-qiz bo‘lib, 2025 yil davomida ular bilan olib borilgan ishlar samarasi o‘laroq, barcha yo‘nalishlarda, xususan, ularning bandligini ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishildi.

Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlashga qaratilgan zarur ishlar olib borildi.

Yil boshidan viloyatdagi mahallalarda ish olib borayotgan yoshlar yetakchilari tomonidan xatlov o‘tkazilib, ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Ana shu yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, rejalar belgilandi.

Jumladan, har bir mahalla bo‘yicha “Yoshlar bandlik dastur”lari ishlab chiqilib, 24 ming 402 nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minlash belgilab olindi. Ishsiz yoshlarni 614 nafar rahbarga biriktirib, ular bilan individual ishlar olib borildi.
– Ana shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar natijasida yakunlangan yilda 24 ming 402 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Tangriqulov. – Bundan tashqari, o‘tgan yilning 30 iyun kuni Prezidentimizning yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida bergan topshiriqlariga asosan viloyatdagi ishsiz hamda mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar qayta o‘rganildi.

O‘rganishlarda ishsizligi aniqlangan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘rildi.
Jumladan, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali 52 nafar ishsiz va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yoshga 4 milliard 203 million so‘m, oliy ta’lim muassasalarining 294 nafar bitiruvchisiga biznes-loyihalarini amalga oshirish uchun “Milliybak” tomonidan 15 milliard 86 million so‘m kreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2025 yil 14 fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, kengaytirish maqsadidagi 654 nafar yoshga “Aloqabank” tomonidan 70 milliard 314 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Ko‘rsatilgan moliyaviy ko‘maklar natijasida 968 nafar yoshning tadbirkorlik tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, qo‘shimcha 1 ming 421 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatdagi umumta’lim maktablarini 2024-2025 o‘quv yilida tamomlagan 37 ming 946 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 7 ming 422 nafari mehnat bozoriga kirib keldi. Ularning barchasi doimiy va mavsumiy ishlar bilan ta’minlandi.
O‘tgan yili professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 4 ming 125 nafar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchisi bo‘lgan 3 ming 459 nafar yoshning doimiy ishga joylashishi uchun ko‘maklashildi.
Joriy yilda ham viloyatda yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil davom ettiriladi. Bu yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, pirovardida mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari